Multimodal yuk tashish istiqbollari
Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutida transport logistikasida multimodal yuk tashish istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy-texnikaviy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutida transport logistikasida multimodal yuk tashish istiqbollariga bag‘ishlangan ilmiy-texnikaviy anjuman bo‘lib o‘tdi.“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi hamda Toshkent avtomobil-yo‘llar instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, tadqiqotchilar, magistrantlar, talabalar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida transport-kommunikatsiya tizimini jadal rivojlantirish, tarmoqning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratilayotir.
Multimodal yuk tashish turi bu – turli transport vositalarini jalb etgan holda yuklarni turli manzillarga yetkazishni bildiradi. Har bir yuk transporti uchun tayyorlanadigan hujjatlarning bir shaklga keltirilishi va ma’lumotlarning umumlashuvi mahsulot yuboruvchi va oluvchi uchun yanada keng imkoniyat yaratadi. Bu soha mahsulotni yetkazib berishning eng qulay va keng tarqalgan shakli hisoblanadi.
Yuklarni yetkazib berishning bu usuli rivojlanayotgan sohalardan biridir. Bunda turli yuk tashish vositalari afzalliklaridan foydalanish orqali xavfsiz, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatiladi. Anjumanda uning qulayliklari, foydalanish qoidalari hamda uning iqtisodiy jarayonga ta’siri xususida so‘z yuritildi.
Mamlakatimizdagi mavjud logistika markazlarida transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani yanada takomillashtirish, yuklarni avtomobil va konteynerlarda tashish borasida yaratilgan tizimni yanada rivojlantirish hamda ulardan keng ko‘lamda foydalanish borasida amaliy chora-tadbirlar ko‘rilayotir.
– Xalqaro multimodal yuk tashish jarayonida yuzaga keladigan ko‘plab murakkab texnik vaziyatlar uchun oldindan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi, – deydi Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutining kafedra assistenti Rustam Egamberdiyev. – Buyurtmachining talabiga munosib bo‘lish uchun soha kadrlaridan chuqur bilim va salohiyat talab etiladi. Bu kabi anjumanlar yosh mutaxassislarning transport-kommunikatsiya tizimidagi bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Ular uchun yetakchi xodimlar tomonidan qo‘shimcha seminarlar, mashg‘ulotlar olib boriladi.
Anjumanda transport-logistika komplekslarini rivojlantirish, avtomobil, temir yo‘l, dengiz va aviatransportlarning o‘zaro uyg‘unligini ta’minlash, logistika muammolari, rivoji va istiqbollari, sanoat transporti taraqqiyoti, sohaga investitsiyalarni jalb etish, xizmat ko‘rsatish tizimlari kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.