Muloqotlar natijasida to‘qqiz oila yarashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Sudyalar oliy kengashi, Oila va xotin qizlar qo‘mitasi hamda Sirdaryo viloyat sudlari hamkorligida oilalar mustahkamligini ta’minlash va farzandlar tarbiyasiga bag‘ishlangan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Dastlab Sirdaryo hamda Sayxunobod tumanlaridagi mahalla faollari va nizoli oilalar bir davraga taklif etildi. Muhokamadagi masala esa oilaviy ajrimni so‘nggi chora deb bilgan holda fuqarolik sudlariga da’vo kiritganlarning muammosi bo‘ldi. To‘g‘ri, aholi bilan o‘tkazilgan mazkur muloqotlarda rasmiy va doimiy so‘zlar aytilmadi, balki hududda o‘z hayotiy tajribasi bilan namuna bo‘layotganlarning ibrati, diniy ulamolarning pandu nasihatlariga quloq tutildi. Ajrashaman, deya qarorida qat’iy turganlar e’tiboriga mavzuga monand “Farzand omonat” nomli hayotiy film namoyish etildi.

Ajrim bilan oilaviy nizoga nuqta qo‘yaman yoki yechim topaman, degan juftlik xato qiladi. Boisi, birgina nikohdan ajratishga oid da’vo oqibatida farzand, mol-mulk, aliment bilan bog‘liq nizolar ham kelib chiqadi, deya oilaviy ajrimning huquqiy oqibatlari ham tushuntirildi.

Eng achinarlisi, ajrashish niyatiga yetgan oila farzandlarining taqdiri ham so‘roq ostida qolishidir, deyildi muloqotda qatnashganlar.
Buni qarangki, davrada ishtirok etayotgan, ajrimni najot deb bilgan ba’zi bir oilalar shu kuniyoq o‘z qarorini o‘zgartirganini ma’lum qildi va Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudiga bergan da’vosini qaytarib olishini ma’lum qildi.

Ana shunday ijobiy natijalarni ko‘zlagan tadbirning ikkinchi kuni Yangiyer shahrida Boyovut tumani va Yangiyer shahri aholisi ishtirokida tashkil etildi. Bu manzilda ham mahalla faollari tomonidan yarashib ketishi mumkin, deya ta’rif berilgan oila vakillari bir davraga jamlandi.

Kun tartibidagi ajrimga qarshi qaratilgan mavzulardan so‘z ochilgach, filmni ko‘zida yoshi bilan tomosha qilganlardan alohida xonada suhbatlar o‘tkazilsa, degan takliflar bo‘ldi. Shu sababli ishchi guruhi har bir oila vakillari bilan ommadan xoli xonalarda suhbatlashdi, ajrimga sabab bo‘layotgan omillarga birgalikda yechim izlandi. Nihoyat, sud tomonidan muhlat berilgan oilalardan 4 tasi yarashish istagini bildirdi va o‘tkazilgan sayyor sud majlisida ularning nikohdan ajratish bilan bog‘liq ishlari tugatilib,er-xotin yarashtirildi.

Shu o‘rinda ikki kunlik tadbir natijalarini raqamlarda ifodalaydigan bo‘lsak, 9 ta oila yarashtirildi, 29 ta oilaviy nizolarga huquqiy yechim berildi, 6 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Chunki, suhbatlar va o‘rganishlar davomida ajrimlarning aksariyatiga oila boquvchining ish bilan band bo‘lmaganligi asos bo‘layotganligi ochiqlandi.

Demak, oilaning muqaddasligini yana bir bora izohlash va isbotlashga qaratilgan mazkur muloqotlar o‘zining shu kabi natijalari bilan ham samarali o‘tdi, deyish mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri