Mukofot menga yuksak mas’uliyat yuklaydi
Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, umuman, inson qadrini ulug‘lash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yurtimizdagi barcha ayollarni quvontiradi.
Bugun men ana shu e’tiborni kamtarona mehnatlarim e’tirofi misolida yana bir bor his etdim. Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida davlatimiz rahbarining farmoni asosida “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim, ko‘rsatilgan e’tibor, e’tirofdan boshim ko‘kka yetdi.
Ayni kunda Andijon shahridagi mavjud 94 ta mahallada 86 mingdan ortiq oila tarkibida 430 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, shundan 205 ming nafardan ortig‘i xotin-qizlardir. Qariyb 10 yildan buyon oila va xotin-qizlar tizimida ishlab kelaman. Faoliyatim davomida opa-singillarimizning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lishga, ayniqsa, ularning muammolarini imkon qadar ijobiy hal etishga harakat qilaman.

Masalan, o‘tgan 2024 yil boshida o‘tkazilgan xatlov davomida shahrimizdagi 10 ming 50 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilib, yil yakuni bilan ularning barchasiga zarur yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, 3 ming 201 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. Ularning 751 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 261 nafari vaqtinchalik ishlarga jalb etildi, 1 ming 946 nafari kasb-hunarga o‘qitildi. Shundan 260 nafar xotin-qizga uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilishga ko‘maklashish uchun subsidiya asosida tikuv mashinasi, 50 nafariga inkubatsiya uskunalari berildi.
Bundan tashqari, faoliyatimda oilalarni mustahkamlash, turli sabablar bilan ajrashish arafasida turgan oilalarni yarashtirish, yoshlarga oilaning muqaddasligini tushuntirish, oilalardagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratib kelaman. Shu bois, mazkur yo‘nalishlarda ham natijalarimiz yomon emas.
Yuqoridagi, umuman, faoliyatimiz yo‘nalishidagi ishlarni amalga oshirishda shahar hokimligi, mahalla fuqarolar yig‘inlarining xotin-qizlar faollari, “Oqila ayol” harakati a’zolari, otinoyilar, bo‘limimiz bilan yaqin hamkorlik qiladigan faol opa-singillarimizning, boy hayotiy tajribaga ega faxriylarimiz, buvijonlarimizning o‘rni va roli nihoyatda katta. Shu o‘rinda aytishim kerakki, menga berilgan mukofotni ana shu insonlarga, butun jamoamizga berilgan mukofot, deb bilaman.
Mukofot bilan taqdirlanganligim, mehnatlarim e’tirofidan qalbimdan kechayotgan quvonch va tuyg‘ularni oddiy so‘zlar bilan ifodalay olmayman. Lekin ertani erta, kechni kech demasdan astoydil qilgan mehnatlarim e’tirofidan, el-yurt, keng jamoatchilik, odamlarning orasida hurmat-e’tibor topganligimdan behad mamnunman. Eng asosiysi, odamlarga, yurtimga foydam tegyapti. Qolaversa, oilam tinch, farzandlarim bag‘rimda. Ularning ko‘rki, kamolidan kuch olaman, quvonaman. Menimcha, ayol kishi uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.
Berilgan mukofot menga kuch, shijoat beradi, zimmamga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bundan keyingi faoliyatimda ko‘rsatilgan e’tiborga, Prezidentimiz ishonchiga munosib javob qaytarishga, yurtimiz ravnaqi, oilalar tinchligi, muhtarama opa-singillarimizning turmush farovonligini mustahkamlash yo‘lida yanada faol ishlashga harakat qilaman.
Nargizaxon Dehqonova,
Andijon shahar hokimining o‘rinbosari,
Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.
O‘zA