Mukofot jurnalistga qanot beradi
Poytaxtimizdagi muhtasham O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi, Badiiy akademiya, Respublika «Tasviriy oyna» ijodiy uyushmasi tomonidan Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan «Eng ulug‘, eng aziz» an’anaviy ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zA muxbiri tanlov g‘oliblarining taassurotlari bilan qiziqdi.
Elmurod Ermatov, “Kun.uz” elektron nashrining Andijon viloyat bo‘yicha muxbiri:

–Tanlovga to‘satdan hujjatlarimni topshirdim. Ancha yillardan buyon ushbu tanlovda qatnashish niyatida yurardim, ammo nimadir sabab bo‘lib qatnasholmasdim. Bu yil tanlovga xonobodlik bir oddiy qizning uyida zargarlik ustaxonasini ochganligi va o‘zining tengdoshlaridan 15 nafarini ish bilan ta’minlaganligi haqidagi materialimni bergandim. Bu hakamlar tomonidan alohida e’tirof etildi. Ko‘p marotaba mustaqillik yillarida yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni yoritdim. Tanlovga topshirilganlar orasida vodiyda ishchi o‘rinlar yaratilganligi, yo‘llar ta’mirlanganligi, ta’lim muassasalarining holati aks etgan materialarim ham bor edi. Meni ko‘pchilik tanqidchi jurnalist, deb biladi. Ammo yo‘lda ketaturib biror bir yaxshi holatni ko‘rib qolsam, biror maskan obod bo‘lganini eshitsam, shundan ham to‘lqinlanib, ijod qilaman. Tanqidlarim samara bersa, ish ijobiy tomonga o‘zgarsa, mendan xursand odamning o‘zi yo‘q. Yaqinda Shahrixondagi omonatgina ko‘prikni saytimizga olib chiqdim. Oradan ko‘p o‘tmasdan mana shu muammo hal etildi. Ikki oyda 4 milliard so‘mlik ko‘prik bunyod etildi. Bugun ham Andijonning bir chekkasida butun boshli qishloq yaroqsiz ichimlik suvidan iste’mol qilayotganidan xabar topdim. Toshkentdan qaytishim bilan shu muammoni olib chiqmoqchiman.
Orifjon Jo‘rayev, «Yangi O‘zbekiston» gazetasining Namangan viloyati bo‘yicha muxbiri:

–«Eng ulug‘, eng aziz» respublika ko‘rik- tanlovida g‘oliblikka munosib topilganimdan mamnunman. Bu jamoamizga bo‘lgan e’tirof, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Gazetaning Namangan viloyati bo‘yicha muxbiri bo‘lganim uchun markazdan to hududdagi eng chekka tadbirlarni ham yoritishimga to‘g‘ri keladi. Butun viloyat hududidagi islohotlar, bunyodkorlik ishlari, fuqarolar murojaati bizning bo‘ynimizda. Imkon qadar barchasiga ulgurishga, imkon qadar mas’uliyat bilan yondashishga harakat qilamiz. Bu kabi mukofotlar esa yanada tinimsiz, tezkor, charchoq bilmasdan ijod qilishga chorlaydi.
Nurxon Elmirzayeva, “XXI asr gazetasi» bo‘lim mudiri:

–Gazetamizda chop etilgan eng sara materiallarimizni topshirgan edim. «Makro» savdo majmualaridagi soxta aksiyalarni tanqid qilib chiqqan edim, hozir savdo jarayonlarida bu holat kuzatilmayapti. Bu ham firibgarlikning bir turi. Asosli tanqidlarimizdan so‘ng ushbu holat yo‘q bo‘ldi. Asosan sud-huquq tizimiga oid materiallar yozaman. Sud ocherklarimda asosan qilg‘iliqqa nima sabab bo‘lganligiga, uning tag zamirida qanday muammo yotganini o‘rganishga harakat qilaman. Umuman olganda, xalq dardida yashash, uni o‘rganish, tahlil qilish menga yoqadi. Bu yutuq ham xalq dardini tinglaganim va ularni ommaga havola etganim mukofoti, deb bilaman. Hayotda adolatsizlikdan, tuhmatdan yomon narsa yo‘q. Ana shunday odamlarni uchratsam, ularga yordam bergim keladi. O‘zimga bo‘lgan adolatsizliklarga ko‘z yumishim mumkin, biroq jamiyatda qiynalgan insonning yonidan shunchaki o‘tib ketolmayman. Bu qon-qonimga singib ketgan tuyg‘u. To‘g‘ri, tanqidchiman. Ammo bu mukofot meni tanqiddan to‘xtatolmaydi. Ko‘p o‘ylayman, jurnalistga mukofot kerakmi o‘zi? Kerak, u jurnalistga qanot bo‘ladi. E’tirof, yaxshi so‘z kimga yoqmaydi. Bu kishini yanada yaxshi ishlashga chorlaydi. Oilada sakkiz nafar farzandmiz. Onam oddiy bajargan uy yumushlarimiz evaziga, «Barakalla, sen bo‘lmaganingda nima qilardik», derdi. Mana shu maqtov doim meni oldga boshlagan, doim harakatda bo‘lishga undagan. bugungi mukofot ham «barakalla»ning mahsuli.
Sohiba Akromova, »Sevimli» telekanali muxbiri:

–Ushbu tanlovga asosan tanqidiy, tahliliy ruhdagi materiallarimni topshirgan edim. So‘nggi vaqtlarda Xalq qabulxonalari bilan ishladim. Aholi murojaatlarini o‘rganib, hali jurnalistlar qiladigan ish ko‘pligining guvohi bo‘ldim. Chin ma’noda bugun jurnalistlar xalq bilan hukumat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaryapti. Odamlarning jurnalistlarga bo‘lgan ishonchi ortgan. Ko‘cha-ko‘yda intervyu olib yurganimizni ko‘rgan fuqarolar darhol yonimizga keladi, muammosini bizga aytadi. Uni ommaga chiqarishda, hal etilishida bizdan ko‘mak kutadi. Biz mana shu ishonchni yo‘qotib qo‘ymasligimiz lozim. Shu bilan birga bunyodkorlik ishlari hamda yoshlarga berilayotgan imkoniyatlarni ham esdan chiqarmasligimiz kerak.
O‘zA muxbiri D.Mamatova yozib oldi.