Muhriddin merganlik bobida tengsiz
Navoiy shahar konchilik kolleji o‘quvchilari o‘rtasida pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Navoiy shahar konchilik kolleji o‘quvchilari o‘rtasida pnevmatik quroldan o‘q otish bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Navoiy avtomobil o‘quv sport texnika klubi tomonidan tashkil etilgan bellashuvda mazkur kollejning 20 nafar o‘quvchisi o‘zaro kuch sinashdi.
Musobaqa avvalida ishtirokchilarga “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan sportning texnik va amaliy turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bundan ko‘zlangan maqsad, mazkur sport turining yoshlar hayotida tutgan o‘rni va ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, shuningdek, ularning har qanday favqulodda vaziyatlarida to‘g‘ri harakat qilish bo‘yicha ko‘nikmasini oshirish maqsadida tashkil etilgan musobaqa yuqori saviyada o‘tkazildi.
Yakunda Muhriddin Axtamov eng yuqori natija qayd etib, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Merganlik bahsida 2-o‘ringa Doniyor Norqulov sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 3-o‘rin Jamshid Normamatovga nasib etdi.
Musobaqa g‘olib va sovrindorlari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
D.NURULLAEV,
Navoiy avtomobil O‘STK boshlig‘i o‘rinbosari