Muharrirlar qirolining ijod maktabi
Ustoz haqida so‘z
Keksalikning navqiron yoshi. Taklifnomani o‘qidimu, Ahmadjon aka naqadar topqir inson ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Sakson yosh – ulug‘ dovon. Ayrimlar bu yoshda “endi qarib qoldik, bu yog‘iga nima ham bo‘lardik” deb, butun umrini sarhisob qilish bilan cheklanadi. Ahmadjon aka esa keksalikning mana shu navqiron pallasida ham hamon ijod, ilm va izlanishda yoshlarga o‘rnak bo‘lib, yashash zavqi bilan mehnat qilmoqda.

Mening ustoz bilan ilk tanishuvim 1988-yilga borib taqaladi. O‘shanda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ish boshlaganimga hali ko‘p bo‘lmagandi. O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurov bosh muharrir edilar. Kunlarning birida Ahmadjon Meliboyev ushbu nufuzli nashrga bosh muharrir etib tayinlandi. O‘sha paytlar hatto eng g‘ayratli va tajribali rahbar uchun ham bu dargohda bir tekis ishlab ketish mushkul edi. Chunki bu nashr respublika ziyolilari, zabardast adib va ijodkorlarning yagona va asosiy minbari hisoblanardi. Yangi muharrir kelishi bilan gazeta oldiga ulkan vazifalar qo‘yildi va ish qizg‘in pallaga kirdi.
Gazeta haftada bir marta nashr etilar, biroq shiddatli hayotdagi voqea-hodisalarni o‘z vaqtida yoritish va o‘quvchiga o‘z so‘zini tezkorlik bilan yetkazish birmuncha murakkab vazifa edi. Shularni hisobga olib, “Muharrir minbari” nomli yangi rukn ochildi. Shundan so‘ng “Jumadan jumagacha”, “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Shaxsiy mulohaza”, “Kuyunchak gazetxondan maktub”, “Ona sayyora – qo‘riqxona”, “Bahs” singari ruknlar ostida jamiyatda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy, adabiy va ilmiy bahsli munozaralar, tabiatni asrash, inson manfaati va yoshlarga oid dolzarb maqolalar, ocherklar, hikoyalar, tahliliy kuzatuvlar hamda davra suhbatlari o‘z o‘quvchilarini topdi. Tahririyatda faoliyat yuritayotgan ijodkorlar muharrir bilan bir tanu bir jon bo‘lib, mushtariylarga mazmunli va o‘qishli nashr taqdim eta boshladi.
Bir kuni Gulchehra opa xursand bo‘lib xonaga kirib keldi: “Mana buni qarang, maqolam muharrirdan uchta qo‘shuv belgisi bilan chiqibdi!”. Maqolada muharrirning imzosi va bitta katta “plyus” (+) belgisi qo‘yilgan edi. Ahmadjon akada xodimlar mehnatini qadrlash va ularga munosabat bildirishning mana shunday o‘ziga xos usullari bo‘lardi. Aslida “Yaxshi maqola bo‘libdi, chiroyli yozibsiz” degan so‘zni shunchaki aytib qo‘yish ham mumkin, lekin birgina belgi orqali e’tirof etish ijodkorga o‘zgacha ko‘tarinki ruh bag‘ishlashini ustoz chuqur his etardi.
Ahmadjon aka tahririyatga kelayotgan maktublar, ulardagi maqola, she’r va taklif-mulohazalarni aslo befarq qoldirmasdi. Shunga bir misol: vodiylik bir keksa otaxon gazetaga hozirgi turmushimizga shukronalik aks etgan bir dona she’r jo‘natibdi. Otaxon “She’rimizni qachon chop etasiz?” deb tahririyatga tinimsiz qo‘ng‘iroq qilardi. Ahmadjon akaning aytishicha, aslida she’rda “she’rning siyohi” yo‘q edi. Shunga qaramay, otaxonning sazasi o‘lmasin deb, she’rni boshdan-oxirigacha qayta yozib, gazetada chop ettirdi. Bir kuni otaxon yana sim qoqib, uzoq salom-alik va tagdor rahmatlardan so‘ng shunday debdi: “Ahmadjon, she’rimizni bosib juda yaxshi ish qildingiz, martabamiz ulug‘ bo‘lib ketdi, sizga rahmat, dunyo turguncha turing. Faqat bir narsaga tushunmadim: meni o‘zimni yozgan she’rimni qachon chop etasiz?”. Gazetaning so‘nggi sahifasidagi “Gazetxon ilhomi” nomli rukn aynan shu maqsadda tashkil etilgan edi.
Gazeta sahifalanadigan kunlari Ahmadjon aka kotibiyatga kelib: “Qaysi sahifada qancha joy bor?” deb so‘rardilar. “Birinchi sahifada uch qog‘oz, beshinchi va oltinchi sahifalarda bir yarim-ikki qog‘ozdan joy bor”, desam, “Tushlikdan keyin materiallarni olasiz”, deb chiqib ketardilar. Aytilgan hajmdagi materiallar o‘z vaqtida sahifaga tushardi. Ustozning doim xonalarida, kompyuter oldida ijod bilan mashg‘ul bo‘lganlarini ko‘p kuzatganman.
Birinchi aprel – kulgi kuniga tahririyatda alohida tayyorgarlik ko‘rilardi. “Shum bolaning choyxonasi” rukni shu kuni haqiqiy bayramga aylanardi. 2008-yili bu sana o‘zgacha nishonlandi. Gazeta sahifalanadigan kun, rejadagi materiallarning hammasi taxt, lekin Ahmadjon aka va’da qilgan maqoladan darak yo‘q. Sekin xonalariga kirib: “Ahmadjon aka, maqolangiz tayyor bo‘ldimi?” deb so‘radim. “Hajmi kattalashib ketyapti. Hozircha boshqa sahifalarni joylab turing. Maqolani peshindan keyin olasiz, kelishdikmi? Faqat kattaligi sabab ikkinchi sahifadan boshlab, davomini oltinchi sahifaga joylaysiz. Ikkita surat ham bo‘ladi”, dedilar.
Ertasiga tushlikdan so‘ng maqola va suratni qo‘limga oldim. Sarlavhasi: “Joze MAURINO: Hayot – futbol maydoni”. Maqolani o‘qib rosti hayron qoldim. Axir so‘nggi sahifa kulgi kuniga bag‘ishlangan bo‘lsa, bu jiddiy suhbat bo‘lsa – tushunolmay qoldim. Maqola ichida portugalchadan Rustam Musurmon erkin tarjima qilgan she’r ham bor edi. Xullas, maqolani ikkinchi sahifadan boshlab davomini so‘nggi sahifaga joyladik. Bu dunyoga mashhur futbol murabbiysi Joze Maurino bilan suhbat edi. Sahifada Maurinoning o‘zbek do‘ppisini kiyib tushgan surati ham bor. Ahmadjon aka o‘shanda: “Shu desangiz, o‘g‘lim Maurinoga do‘ppini yaxshi qo‘ndirolmadimi, deyman-da. Kompyuter degani balo narsa ekan-da. Bundan o‘ttiz yil oldin bizga yetib kelganidami, qanday gazeta chiqarishni o‘ylab ham o‘tirmasdik – bitta tugmani bossang, o‘ylaganing namoyon bo‘ladi-qoladi”, deb hazillashdilar. Suhbat aslida hazil tariqasida bo‘lib, barcha uchun kutilmagan sovg‘a bo‘lishi mo‘ljallangan ekan.
Kechga yaqin gazetani so‘nggi pardozlash ishlarini yakunlash men bilan Jamshidjonga qoldi. “Jamshid bo‘ling, endi bosmaxonaga uzating”, dedim. U biroz o‘ylanib turdi-da: “Bir fikr aytsam, nima deysiz? Shu suratni qayta ishlasak. Chunki surat uncha sifatli emas, boshqacharoq tayyorlasam”, dedi. Shunda hayolimga bir fikr keldi: “To‘xtang, shu Maurinoning yoniga Ahmadjon akani ham joylasak-chi?”. “Bo‘ladi, joylashtiraymi?” – dedi Jamshid. Ahmadjon akaning yaqin do‘sti bilan tushgan surati bor edi. Jamshid ustalik bilan o‘sha suratdagi do‘stining o‘rniga Maurinoni joyladi. Gazetani bosmaxonaga topshirdik-da, uy-uyimizga yo‘l oldik.
Ertasiga ishga barvaqt keldim. Kotiba qiz: “Sizni Ahmadjon aka uch-to‘rt marotaba so‘radilar, kirar ekansiz”, – dedi. O‘zimga-o‘zim: “Xo‘sh, Asrorboy, ishdan ketishga tayyorgarlik ko‘raver”, dedimu huzurlariga asta kirdim. Ahmadjon aka bugungi gazetaning so‘nggi sahifasiga tikilgancha sukut saqlab o‘tirardi.
– Ertalab Mamasoli akaning oshida bo‘ldik, – deb gap boshladi ustoz. – O‘sha yerda gazetaning ta’sir kuchi va tezkorligiga yana bir bor iqror bo‘ldim. Hamma yangi son bilan tabrikladi. Shunda bir tanishim: “Maurino bilan o‘sha mehmonxonada suratga tushganmidingiz?” deb so‘rab qoldi. “Qanday surat?” desam, gazetadagini aytyapti. Sir boy bermay, “Ha, o‘sha yerda”, deb qo‘ya qoldim. Xayolim esa gazetadagi suratga ketdi. Kelib sahifaga qarasam, mana, Maurino bilan yonma-yon turibman. Bu kimning ishi?
– Shu desangiz, hazil bo‘lsa hazilda deb, sizdan keyin suratni o‘zgartirgan edik, – deb aybimni tan oldim.
Ahmadjon aka jiddiy qiyofadan asta chiqib, muloyimlashdi: “Yaxshi, lekin bir og‘iz maslahatlashish kerak edi. Boshqa takrorlanmasin”, dedi. Shundagina yelkamdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, uch-to‘rtta boshqa nashrlar ham ushbu “shov-shuvli” maqolani bizdan ko‘chirib bosdi.
Bunga o‘xshash voqealar tahririyat hayotida tez-tez uchrab turardi. Xodimlarning oilalari bilan bordi-keldi qilish, ularning yaxshi-yomon kunlarida yelkadosh bo‘lish, bayramlarda butun jamoani bir dasturxon atrofida birlashtirish Ahmadjon akaning sevimli ishlari sirasiga kiradi. Gazetaning ellik yillik to‘yi tantanalari keng nishonlanishida ham ustoz alohida jonbozlik ko‘rsatdi. Zero, keksa muharrirlar va doimiy mualliflarni bir piyola choy ustida jam qilish katta kuch va yuksak tashkilotchilikni talab qiladi.
Ahmadjon aka muharrirlik faoliyati bilan bir qatorda badiiy ijodda ham salmoqli iz qoldirmoqda. U kishining “Qirq beshinchi bekat”, “Torning cho‘michdan farqi”, “Xotin yo‘g‘ida”, “Safed bulon hikoyalari...”, “Umr — uchar yulduz”, “Umidli dunyo”, “Yolg‘iz yashab bo‘lmaydi”, “Hushtakni kim chaladi”, “Suvora sog‘inchi”, “O‘zingni o‘zing boshla”, “Asrlarga tatigulik umr” kabi kitoblari bugungi kunda kitobxonlar tomonidan sevib o‘qilmoqda.
Ustoz bugun ham jo‘shqin ijod bilan mashg‘ul. “Muharrirlar qiroli” deyishga loyiq Ahmadjon akaga birgina tilagimiz: ijoddan charchamang! Modomiki ijod davom etar ekan, demak, o‘quvchilar hali ko‘plab yangi asarlarni mutolaa qilish baxtiga muyassar bo‘ladi. Keksalikning navqiron yoshi muborak bo‘lsin!
Asror Sulaymonov,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.
O‘zA.