Muhandislar uchun ko‘rgazmali seminar
Andijonda gaz ta’minotini yaxshilash, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, yutuq va muammolar muhokamasiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
“Hududgaz Andijon” gaz ta’minoti filiali tomonidan Oltinko‘l tumanida tashkil etilgan seminarda tuman, shahar gaz ta’minoti bo‘limlari bosh muhandislari, sanoat xavfsizligi bo‘yicha muhandislari ishtirok etdi.
Seminar ishtirokchilari dastlab “Oltinko‘ltumangaz” gaz ta’minoti bo‘limida tabiiy gaz tarmoqlari holatini yaxshilash, ta’mirlash, shuningdek, “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishda erishilgan yutuqlar, muammo va kamchiliklar tahlil etildi, ishlar samaradorligini yanada oshirish, kamchiliklarni bartaraf etish, tumandagi ilg‘or ish tajribalarini viloyat miqyosida ommalashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Shundan so‘ng ishtirokchilar “Markaz” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ko‘chalarda tabiiy gaz yetkazib berishning uch bosqichli tizimdan ikki bosqichli tizimga o‘tkazish borasidagi ishlar, gaz hisoblash uskunalariga regulyatorlar o‘rnatish jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, Katta Oqtepa mahallasida gaz quvurlarini bo‘yash, holatini yaxshilash, ekspluatatsiya muddatini uzaytirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar kuzatildi.
– Katta Oqtepa mahallasi hududida 9 kilometrdan ortiq gaz quvurlari mavjud, – deydi “Oltinko‘ltumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Salohiddin Sodiqov. – Joriy yilda 4 kilometrga yaqin quvurlar tartibga keltirilishi, bo‘yoqlanishi rejalashtirilgan. Hamkasblarimiz ana shu yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish borasidagi tajribalarimiz bilan tanishdi.
[gallery-17655]
Seminar ishtirokchilari Intizom mahallasida “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida, shuningdek, “Ko‘makay” avtomatik gaz tarqatish shoxobchasi gaz quvurlarini optimizatsiyalash va tartibga keltirish bo‘yicha qilinayotgan ishlarni ham kuzatdi.
Seminar soha muhandislariga belgilangan ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha malakalarini oshirish, o‘zaro tajriba almashish imkonini berdi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari