Muhammad Reza Nassiri: XV jahon chempionati kurashni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi
Joriy yilning 4–9-noyabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida milliy sportimiz kurash bo‘yicha XV jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Tarixda ilk bor Qozog‘istonda tashkil etilayotgan mazkur jahon chempionati doirasida kurashning xalqaro rivoji, uning ommaviyligini ta’minlash bo‘yicha bir qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.
Ushbu jahon chempionatiga tayyorgarlik ishlarining borishi xususida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Muhammad Reza Nassiri bilan suhbatlashdik.

–XV jahon chempionati doirasida qanday tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan?
–Chempionat doirasida joriy yilning 6-noyabr kuni Ostona shahrida Xalqaro kurash assotsiatsiyasining navbatdagi XXII Kongressi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, hakamlar, murabbiylar uchun xalqaro seminarlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
–XV jahon chempionatida qancha davlat sportchilari ishtirok etishi kutilmoqda?
–Ostona shahrida Qozog‘iston kurash federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan dastur asosida jahon chempionatiga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Chempionat musobaqalarida 5 ta qit’adan 75 dan ziyod davlatning 400 nafarga yaqin kurashchisi ishtirok etish talabnomalarini taqdim etgan.
–Chempionat doirasida o‘tadigan Kongressda ko‘rib chiqiladigan masalalarga to‘xtalsangiz.
–Xalqaro kurash assotsiatsiyasining XXII Kongressida assotsiatsiya faoliyatining 2025–2026-yillardagi natijalari sarhisob qilinib, kurashning xalqaro maydondagi keyingi taraqqiyotiga doir muhim masalalar ko‘rib chiqiladi. Yig‘ilishda Qozog‘iston, Litva, Shri-Lanka, Iordaniya, Fransiya, Suriya, Shveysariya, Armaniston, Italiya, Avstraliya, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn milliy kurash federatsiyalarining a’zoligini ko‘rib chiqish ham o‘rin olgan. Shuningdek, kurashning professionalligini yanada oshirish maqsadida musobaqalarni tashkil etish reglamentiga o‘zgartirishlar kiritish ishlari muhokama qilinadi. Bunda, musobaqalar jarayonidagi murojaat yoki bahsli vaziyatni qayta ko‘rib chiqish tizimi — “Challenge System”, hakamlik qoidalari hamda reyting tizimini takomillashtirish masalalari tahlil qilinadi.
–O‘tayotgan yil davomida kurashni kompleks o‘yinlar dasturiga kiritish borasida muhim qadamlar tashlandi. Jahon chempionati davomidagi yig‘ilishlarda ushbu yo‘nalishdagi ishlar ham ko‘rib chiqiladimi?
–Aytib o‘tganimdek, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Kongressida kurashning kelgusi rivoji to‘g‘risida asosiy yo‘nalishlar belgilab olinadi. Xalqaro harbiy sport kengashi (CISM) bilan kelgusi rejalarni belgilab olish, Markaziy Amerika va Karib mintaqasi o‘yinlariga kiritish, Xalqaro Turon federatsiyasi hamda Xalqaro ko‘zi ojizlar sporti federatsiyasi (IBSA) bilan bog‘liq kelishuvlarni yangi bosqichga olib chiqish xususida dasturlar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda. Yig‘ilish jarayonida IKA rahbariyati, Xalqaro kurash instituti va boshqa bo‘linmalarning hisobotlari tinglanadi. Eng asosiysi, Ostonadagi jahon chempionati kurash sportining xalqaro maydondagi rivojini yangi bosqichga olib chiqishiga qaratilgani bilan ahamiyatli.
To‘lqin Ro‘ziyev suhbatlashdi.
O‘zA