Mudofaa vazirlari toʻplanmoqda. ZAES himoyaga muhtoj...
Rossiya-Ukraina
Xavfsizlik masalasi boʻyicha Myunxen konferensiyasi raisi Kristof Xoysgen Gʻarb Ukrainaning NATOga aʼzo boʻlishi mavzusini jiddiy muhokama qilmogʻi kerak, deb hisoblaydi. Uning soʻzlaridan “Welt” telekanali iqtibos keltirdi: “Faqat Shimoliy Anlantika alyansi Kiyevga ishonchli xavfsizlik kafolatini berishi mumkin. Moskvaning kafolatiga “ishonib boʻlmaydi”.
Xitoy hukumati Ukraina atrofidagi ziddiyatni muloqot yoʻli bilan hal qilish, inqiroz keskinlashishining oldini olish tarafdori, deb bayonot berdi XXR TIV rahbari Sin Gan.
- Ukraina masalasida muhim nuqtaga kelindi: siyosiy yechim orqali tinchlik jarayonini tiklash yoki olovga moy purkab, inqirozni kuchaytirish, - dedi xitoylik vazir. - Bu ikki yoʻl oʻrtasida jiddiy farq bor”.
Yevropa Ittifoqiga aʼzo 27 davlat mudofaa vazirlari NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg va ukrainalik hamkorlar ishtirokida Stokgolmda bugun boshlanadigan ikki kunlik norasmiy uchrashuvda Ukrainani qoʻllab-quvvatlash, xususan snaryad yetkazib berish masalasi atroflicha muhokama qilinadi.
Kiyev YEIga kirmoqchi boʻlsa, zarur mezonga amal qilishi kerak. Bu haqda “Bild” gazetasiga intervyusida Germaniya sotsial-demokratik partiyasi hamraisi Lars Klingbayl maʼlum qildi.
Mudofaa vaziri Aleksey Reznik “LIGA” nashri muxbiri bilan suhbatda Ukrainada umumiy safarbarlik rejasi hali oxiriga yetkazilmadi, dedi.
“Safarbarlik davom etmoqda. Nomzodlar Qurolli kuchlar Bosh shtabi talabiga binoan koʻrsatilyapti”, dedi mulozim.
Fransiyaning gʻildirakli birinchi “AMX-10 RC” rusumli tanklari partiyasi Ukraina tomon yoʻlga tushdi, deya xabar berdi mamlakat Qurolli kuchlari huzuridagi qurol-aslaha boʻyicha bosh direksiya rahbari Emmanuel Shiva. U “BFM Business” telekanali muxbirining tanklar soni toʻgʻrisidagi savolini javobsiz qoldirdi.
Bolgariya ikki yil davomida Kiyevga boshqa mamlakatlar orqali umumiy miqdorda bir milliard dollardan ziyod qiymatga ega qurol-aslaha yetkazib bergan. Bu haqda “EURActiv” portali yozdi.
AQSH maʼmuriyatida Ukrainaning Qrimni qaytarib olish rejasini toʻliq qoʻllab-quvvatlash istagi yoʻq, deyiladi “The Hill” gazetasi bosh maqolasida. Nashr qayd etishicha, Oq uy masʼullarining Qrim masalasiga yondashuvida hanuz “noaniqlik saqlanib qolmoqda”. Avvalroq Vashington Kiyevga gʻalaba uchun qancha zarur boʻlsa, shuncha yordamni ayamaymiz”, deya bayonot bergan edi.
Zaporojye AESdagi vaziyat hududda xavfsizlik zonasi tashkil etish juda zarur ekanini koʻrsatmoqda, dedi MAGATE Bosh direktori Rafael Grossi. Uning taʼkidlashicha, “harbiy amaliyot va ZAESdagi ogʻir ish sharoiti stansiyaning yadro xavfsizligini tahdid ostida qoldirmoqda”.
Abror XON,
OʻzA