Muddatli harbiy xizmatchilar Vatanga qasamyod keltirdi
Vatanga qasamyod kecha paydo bo‘lib qolgan an’ana emas. Bu qanchadan-qancha sarkardalarimiz, botirlarimiz tilida yangragan va so‘nggi nafasgacha yurakda saqlanadigan muqaddas ontdir.

23 aprel kuni Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalarda harbiy xizmatga yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilarni Vatanga qasamyod keltirish marosimi o‘tkazildi.

Xususan, poytaxtimizdagi “Vatanga qasamyod” majmuasida o‘tkazilgan marosimda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov mudofaa vazirining askarlarga tabrigini o‘qib eshittirdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.
Shuningdek, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ota-onalar yurt osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘lagan o‘g‘lonlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirdilar.

Ta’kidlash lozimki, bu kabi tantanali marosimlar bugun barcha harbiy okruglar, harbiy qism va muassasalarda o‘tkazildi. Joylardagi marosimlarda Mudofaa vazirligi, harbiy okruglar va harbiy qismlarning mas’ul ofitserlari har bir yurt o‘g‘loniga muddatli harbiy xizmat davomida ulkan zafarlar tiladi.

Asosiy tadbirdan so‘ng harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘rgazmali qo‘l jangi va jangovar chiqishlar, konsert dasturlari namoyish etildi.
O‘zA