Muddatli harbiy xizmatchilar janubdagi sarhadlarimizga yetib keldi
Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qoʻmondonligiga qarashli harbiy qismlarda muddatli harbiy xizmat burchini sharaf bilan oʻtash uchun Vatanimizning turli hududlaridan yoʻlga chiqqan mard, jasur oʻgʻlonlar Surxondaryo viloyatining Denov, Jarqoʻrgʻon tumanlari va Termiz shahar temir yoʻl vokzallarida kutib olindi.
Termiz garnizonidagi harbiy qismlarda oʻz burchini bajaradigan askarlar uchun Termiz umumqoʻshin dala poligonida tashkil etilgan tantanali tadbirda Janubiy operativ qoʻmondonligi masʼul ofitserlari, harbiy qism qoʻmondonligi va harbiy xizmatchilar mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiylarga yaratilayotgan sharoit va imtiyozlar haqida atroflicha maʼlumot berdi. Muddatli harbiy xizmatchilarning tinch, toʻkin Vatanimiz janubidagi sarhadlarida yigitlik burchini sharaf bilan oʻtashiga zafar tiladi.

–Prezidentimizning joriy yil 22-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini oʻtab boʻlgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga boʻshatish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq askarlarni kutib olish tadbirlari harbiy kuy sadolari ostida bayramona ruxda oʻtkazildi,–deydi Janubiy operativ qoʻmondonligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boʻlimi ofitseri, podpolkovnik Nodir Xoliqov.– Ular bilan olib boriladigan oʻquv yigʻinining sifatli oʻtkazilishi uchun yuqori malakali ofitser va serjantlar tarkibidan tayinlangan maʼmuriyatga tegishli vazifalar topshirildi.

–Bolalikdan harbiy boʻlishni orzu qilaman,–deydi Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumanidan muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan Jumanazar Ergashev.–Shu maqsadda maktab va kollejda yaxshi baholarga oʻqidim. Jismonan toblandim. Chaqiruv mavsumida suhbat va sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtdim. Harbiylar hayotini shu paytgacha faqat televizorda tomosha qilgan edim. Mana, bugun harbiy qism bilan yaqindan tanishib, bu yerda yaratilgan sharoitlarning juda zoʻrligini oʻz koʻzim bilan koʻrdim. Endi komandirlarimizdan sohaning sir-asrorlarini chuqur oʻrganib, kelgusi hayotimni Vatanimiz himoyasiga bagʻishlamoqchiman. Ana shu maqsadimga erishish uchun zimmamga yuklatilgan barcha vazifalarni sharaf bilan bajaraman.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan oʻgʻlonlar harbiy qismning keng, shinam askarlar yotoqxonasi, barcha zamonaviy sharoitlarga ega oʻquv xonalari, askarlar oshxonasi hamda harbiy qism hududida yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi. Askarlar oshxonasida bayramona dasturxon yozilib, milliy shoh taomimiz– osh tortildi. Ona Vatan, tinch, farovon turmush, jasorat va mehr-muhabbat madh etilgan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.








Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV,
OʻzA muxbiri