Muammoni bildingmi – uni hal etish loyihasini tuzgin
Medik-magistrantlarning ilmiy tadqiqotlari amaliy sog‘liqni saqlash samaradorligini oshirishi, odamlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatiga hissa qo‘shishi mumkin. «Jarayonlarni yaxshilash» metodologiyasi bo‘yicha trening ishtirokchilari qanday qilib yoshlarning ilmiy tajribalariga bo‘lgan qiziqishini oshirish mumkinligi va boshqa qiziq g‘oyalarni muhokama qildilar.
Amaliy trening iyun oyida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi tomonidan Integral Global Health (IGH) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
IGH bir qator yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib boryapti. Xususan, kompaniya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya institutiga, shuningdek, Sanitariya-epidemiologik xizmatiga laboratoriya tashxisi nazorat sifatini oshirish uchun texnik ko‘mak ko‘rsatilyapti.

«Mana shu uch kun ichida biz loyihalarni boshqarish bo‘yicha yangi ko‘nikmalarga ega bo‘ldik» deb ta’kidlaydi intervyuda trening ishtirokchisi, Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) Jamoat salomatligi, sog‘liqni saqlashni tashkil etish va boshqarish kafedrasi dotsenti Salima Nazarova.
«Albatta, loyihalarni boshqarish usullari juda ko‘p va xilma-xil. Yangi usulning o‘ziga xosligi – 7 bosqichdan tarkib topgan bo‘lib, biz ularni trening davomida batafsil o‘rganib chiqdik. Natijada guruhimiz tomonidan ta’lim muassasalarida magistrlarning ilmiy tadqiqotlarini yaxshilash va ularni amaliy sog‘liqni saqlashga joriy etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Magistrlar tadqiqotining bir qismi amaliyotga yetib bormayotgani faqat qog‘ozda qolayotgani muammoli masala bo‘lib qolyapti. Yoshlarning har bir shunaqangi tadqiqoti tezda ko‘rib chiqilishi va ularni amaliyotda sog‘liqni saqlashga joriy etish maqsadida baholanishiga OTMlarda, tibbiyot birlashmalarida, pirovard natijada bemorlarda qiziqish katta. Loyihalarni boshqarishning mazkur treningda o‘zlashtirilgan usuli bunda yordam berishi mumkin» deb hisoblaydi S. Nazarova.
Toshkent tibbiyot akademiyasi (TTA) jamoat salomatligi, sog‘liqni saqlashni tashkil etish va boshqarish kafedrasi mazkur treningda to‘liq tarkibda ishtirok etdi. Kafedra mutaxassislari Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh bolalar infeksionisti, tibbiyot fanlari doktori, ushbu kafedra mudiri Gulnora Xudoykulova rahbarligida hamisha yangi usullarni o‘zlashtirishga tayyor. Va bu juda muhim, chunki aynan ana o‘shalar talabalarga sog‘liqni saqlashda menejment bo‘yicha dars beradi, ya’ni zamonaviy sog‘liqni saqlash kabi murakkab mexanizmni boshqarishni o‘rgatadi.
«Bugun sog‘liqni saqlashda o‘zgarishlar ko‘p, menejmentda ham o‘zgarishlar bor. Treningda biz o‘zlashtirib olgan usullar bularning hammasini tizimlashtirish va soddalashtirish imkonini beradi. Bunda taqdim etilgan tizimni joriy etish ko‘p qirrali reja sanaladi. Uning yordamida sog‘liqni saqlashning birlamchi bo‘g‘ini muammolarini hal etish mumkin. Shuningdek, ta’lim, intizom bilan bog‘liq muammolarini hal etish mumkin. Shunday foydali treningni tashkil etganlaring uchun xursandman va ishda yangi ko‘nikmalarni qo‘llashni rejalashtiryapmiz» dedi G. Xudoyqulova.
Mazkur dasturdagi har bir bosqich birma-bir yozib chiqilgan. Bu esa loyihalarni tizimli ma’muriy yoki boshqaruv to‘g‘risida hech qanaqangi tasavvurga ega bo‘lmagan odam uchun ham bunday loyihalarni boshidan tuzish imkonini beradi. Va bunda muammolarni aniqlab, qo‘yilgan maqsad yo‘lida barcha zarur amallarni bajarib, ularni birma-bir joylashtirib chiqishi mumkin bo‘ladi. Toshkentdagi Vestminster universitetining (TVMU) «Jamoat salomatligi» kursi rahbari Yevgeniya Shalayeva shunday hisoblaydi. U kishi ham o‘qituvchilik faoliyatida olingan ko‘nikmalarini qo‘llashni rejalashtiryapti.

Trening yakuniga Integral Global Health eksperti doktor Brayan Robi ham yaxshi baho berdi. Uning fikricha, ishtirokchilar «Jarayonlarni takomillashtirish» uslubi algoritmini zo‘r qiziqish bilan o‘rgandilar. Endi ular o‘zlari trener bo‘lib, boshqalarga bilim o‘zlashtirishlari uchun yordam berishga tayyor. Bu ularga o‘z bilimlarini yoyish, shuningdek, masalalarni hal etgan holda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga yordam beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi matbuot xizmati