Muammolarni hal etish yo‘llari belgilandi
Turli kelishmovchilik, murakkab psixologik jarayonlarda mavjud vaziyatlardan qanday qilib munosib tarzda chiqish mumkin? “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan poytaxtimizdagi Chilonzor tumanida o‘tkazilgan “Konflikt va ularning yechimlari” mavzusidagi kasbiy malaka, bilim va kompetensiyalarni rivojlantirishga oid seminar-treningda ayni jihatlarga e’tibor qaratildi.
O‘quv-seminar mahalla raislarining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun tashkil etildi.
Seminarda “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan konfliktlarning kelib chiqish sabablari, emotsiyalarni boshqarish, oilaviy kelishmovchiliklarning paydo bo‘lishi, ularning turlari, oilaviy nizolarni hal etishda mahalla raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari va oiladagi kattalarning o‘rni, mahalla va oila hamkorligini kuchaytirish kabi mavzular atroflicha muhokama etildi.
Seminar-trening mashg‘ulotlari zamonaviy ma’rifiy texnologiyalar, interfaol usullar yordamida tashkil etilib, o‘quv davomida ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berildi.
Mahallalarda oila psixologi, mediator xizmatini yo‘lga qo‘yish, mahalla va oila tizimida faoliyat olib borayotgan kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini tiklash, xodimlarning kasbiy ko‘nikmasini oshirib borish maqsadida mahorat darslari va treninglar tashkil etish, mutaxassislarni sohaga oid ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash zarurligiga oid takliflar bildirildi.
N.Usmonova, O‘zA