Muammolarni bartaraf etishni orqaga surib bo‘lmaydi
Jizzax shahrida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda har bir ko‘rsatkich ortida inson taqdiri, har bir kamchilik zamirida esa mas’ulning javobgarligi turadi. Shu bois ichki ishlar organlari faoliyatiga faqat raqamlar emas, balki erishilgan natijaning mazmuni va samaradorligi nuqtai nazaridan baho berish bugungi kunning ustuvor talabi bo‘lib qolmoqda. Ana shu mezonlar asosida Jizzax viloyati ichki ishlar organlarida xizmat faoliyati tanqidiy-tahliliy ruhda atroflicha sarhisob qilindi.
Ichki ishlar vazirligi rahbariyati huzurida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov rahbarligida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” maxsus profilaktik tadbiri doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy-tanqidiy muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda viloyat ichki ishlar organlari rahbarlari, shahar va tuman IIB mas’ullari, sohaviy xizmatlar boshliqlari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi. Muhokama har bir xizmat yo‘nalishi faoliyatini chuqur tahlil qilish, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni ochiq muhokama etish, kelgusidagi vazifalarni aniq belgilab olish ruhida tashkil etildi.

Muhokama markazida viloyatdagi kriminogen vaziyat turdi. Huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, ularning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, profilaktik ishlar ta’sirchanligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, tergov, probatsiya, profilaktika, migratsiya, jamoat xavfsizligi, yo‘l harakati xavfsizligi hamda “102” xizmati faoliyati yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi.

Tahlillar davomida ayrim xizmat yo‘nalishlaridagi sustkashliklar va ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar keskin tanqid qilindi. Kamchiliklarga murosa qilinmasligi, har bir rahbar o‘z hududi va xizmat yo‘nalishi uchun shaxsan mas’ul ekani alohida ta’kidlandi. Muammolarni bartaraf etishni orqaga surish yoki rasmiyatchilik bilan cheklanishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etildi.

Mas’ullarga xizmat intizomini yanada mustahkamlash, profilaktik tadbirlar natijadorligini oshirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi bilan manzilli ishlashni kuchaytirish hamda har bir murojaatga qonuniy va o‘z vaqtida munosabat bildirish yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida “Xavfsiz va sog‘lom yurt” maxsus profilaktik tadbiri doirasida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zda emas, amaliy natijalar bilan ta’minlash, jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlash va har bir xizmatning faoliyatini qat’iy nazorat asosida tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri