Muammo eshitilishi emas, uning yechimi muhim
Bugun tadbirkorlik — iqtisodiy taraqqiyotning oddiy bir yo‘nalishi emas, balki yangi ish o‘rinlari, oilaviy farovonlik, hududlar obodligi va jamiyatdagi iqtisodiy faollikni ta’minlaydigan muhim kuchga aylanmoqda. Shu bois yurtimizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslariga keng yo‘l ochish, bank-moliya tizimi bilan bog‘liq muammolarini joyida hal etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda tadbirkorlik sub’ektlariga qulay shart-sharoit yaratish, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va davlat organlarining biznes vakillari bilan ochiq muloqotini kuchaytirish yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayonning eng muhim jihati — tadbirkorning muammosini yuqoridan turib emas, uning o‘zi bilan ochiq muloqot qilish orqali o‘rganish va amaliy yechim topishdir.
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tashkil etilgan ochiq muloqot ana shu ezgu maqsadning amaliy ifodasi bo‘ldi. Tadbirkorlar va kredit masalalari bo‘yicha murojaat qilgan fuqarolar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tuman hokimi F. Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi T. Ishmetov hamda tegishli tashkilot va idoralarning mas’ul rahbarlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor tadbirkorlarning bank-moliya tizimi bilan bog‘liq masalalarini bevosita eshitish, ular duch kelayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va har bir murojaat bo‘yicha aniq amaliy chora belgilashga qaratildi. Ochiq muloqotning ahamiyati shunda bo‘ldiki, bu yerda raqamlar yoki umumiy ko‘rsatkichlar emas, balki tadbirkorning aniq muammosi, rejasi va kelgusida amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihasi markazga qo‘yildi.
Muloqot davomida tadbirkorlar bank xizmatlaridan foydalanish, kredit mablag‘larini olish, mavjud kredit majburiyatlarini bajarish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish va boshqa masalalar yuzasidan o‘zlarini qiynayotgan savol va muammolarni ochiq bayon etdi.

Eng muhimi, bildirilgan har bir murojaat umumiy gaplar bilan cheklanib qolmadi. Masalalar alohida holatlar kesimida ko‘rib chiqilib, mutasaddilar tomonidan zarur tushuntirishlar berildi. Ayrim murojaatlar yuzasidan muammoni hal etishning aniq mexanizmlari belgilab olindi. Zero, tadbirkorning ortiga qaytarilgan har bir murojaati ortida amalga oshmay qolishi mumkin bo‘lgan bir loyiha, yaratilmay qolishi mumkin bo‘lgan yangi ish o‘rni, ro‘yobga chiqmay qolishi mumkin bo‘lgan bir tashabbus bor. Shu ma’noda, tadbirkorning muammosini hal etish — faqat bir shaxsga yordam berish emas. Bu orqali yangi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, xizmat ko‘rsatishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, soliq bazasini oshirish va hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga zamin yaratiladi.
Bugungi kunda davlat idoralari va tadbirkor o‘rtasidagi munosabatlarga nisbatan yondashuv ham o‘zgarmoqda. Tadbirkorga nazorat ob’ekti sifatida emas, iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi kuch sifatida qarash tobora ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. G‘ijduvondagi ochiq muloqotda ham ana shu tamoyil yaqqol namoyon bo‘ldi. Unda bildirilgan har bir murojaatni belgilangan tartibda o‘rganish, natijasi bo‘yicha amaliy chora ko‘rish va ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Bu esa “murojaat qabul qilindi” degan quruq qayddan ko‘ra, “muammo qanday hal etiladi?” degan savolga javob izlash muhimligini ko‘rsatadi.

Ayni jihat tadbirkorlar bilan davlat tashkilotlari o‘rtasidagi muloqotning mazmun-mohiyatini belgilab beradi. Chunki tadbirkorga kerak bo‘lgani — va’da emas, natija; tushuntirish emas, yechim; umumiy yondashuv emas, uning holatiga mos amaliy ko‘makdir.
G‘ijduvon azaldan tadbirkorlik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va ishbilarmonlik an’analari shakllangan hududlardan biri sifatida e’tirof etib kelinadi. Bugun esa bu an’analar zamonaviy biznes loyihalari, ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va yangi investitsion tashabbuslar bilan uyg‘unlashmoqda. Bunday sharoitda tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, bank xizmatlaridan samarali foydalanishini ta’minlash va kreditlash jarayonidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish ayniqsa muhim. Chunki o‘z g‘oyasiga ega tadbirkorga o‘z vaqtida berilgan moliyaviy ko‘mak — ertangi katta natijaning boshlanishi bo‘lishi mumkin.
Bir tadbirkorning kichik ustaxonasi keyinchalik yirik ishlab chiqarish korxonasiga aylanishi, bir oilaviy biznes yangi ish o‘rinlari yaratishi, bir yangi xizmat turi esa butun mahallada iqtisodiy faollikni oshirishi mumkin. Shu bois tadbirkorning har bir tashabbusini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning emas, balki kelajak taraqqiyotining ham muhim sarmoyasidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri