Mualliflar va noshirlar uchun seminar
Yurtimizda davom etayotgan kitobxonlik haftaligi doirasida Parkent tumanidagi Yozuvchilar ijod uyida noshirlar, yozuvchi-adiblar, tarjimonlar, soha mutaxassilari va ekspertlar ishtirokida seminar tashkil etildi.
AOKA matbuot xizmatiga ko‘ra, seminardan ko‘zlangan maqsad yozuvchi-shoirlar va noshirlarning o‘zaro ijodiy hamkorligini rivojlantirish, soha mutaxassislari ishtirokida noshirlik ishi va kitobxonlikning dolzarb muammolarini muhokama qilish va ularga yechim topishdan iborat. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan milliy kontentni yaratish borasida qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib, noshirlar va ijodkorlar o‘rtasida ijodiy hamkorlikni mustahkamlash orqali kitobxonlarga yangi asarlarni taqdim etish, bu borada tegishli kelishuvlarga erishishdir.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari G‘.Nazarov sohada erishilgan yutuqlar, natijalar haqida batafsil so‘zladi.
– “O‘tgan yili avgust oyida birinchi marta tashkil etilgan ushbu seminar doirasida “O‘zbekiston nashriyoti” o‘zbek yozuvchi-shiorlarining bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan 100 jilddan iborat asarlar majmuasini nashrga tayyorlashni rejalashtirgan edi, – dedi AOKA direktorining o‘rinbosari G‘ayrat Bozorov. – Bugungi kunda mazkur asarlar majmuasining 20 jildi chop etishga tayyor holatga keltirildi. O‘tgan yili ushbu nashriyot tomonidan Yozuvchilar uyushmasi Badiiy kengashi raisi Zuhriddin Isomiddinov mas’ulligida Chingiz Aytmatovning 95-yilligi munosabati bilan uning 10 tomlik asarlari to‘plami yangi tarjimalar bilan to‘ldirilgan holda nashr etildi.

Shuningdek, AOKA direktorining o‘rinbosari G‘.Bozorov ma’lum qilishicha, 2024-yildan boshlab Agentlik tashabbusi bilan noshir va matbaachilarni, shuningdek, kitobxonlikni ommalashtirishga munosib hissa qo‘shayotgan subyektlarni rag‘batlantirish maqsadida an’anaviy tarzda “Yil kitobi” milliy tanlovini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Tanlov g‘oliblari 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida taqdirlanishi rejalashtirilgan.
Tadbirning birinchi kunida qator davra suhbatlari, V2V uchrashuvlar hamda mahorat darslari o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Bugungi tadbir doirasida muallifning asarga bo‘lgan huquqlari hamda mualliflik shartnomasiga qo‘yiladigan talablar, noshirlik va matbaa faoliyatiga oid huquqiy va texnik hujjatlar, yangi qabul qilingan davlat standartlari, bolalar va o‘smirlar adabiyotini yaratishda o‘quvchilarning yosh hamda psixologik jihatlari, kitobxonlikni rivojlantirish va kitob savdosida zamonaviy marketing texnologiyalari, kitob nashr qilishda mualliflar bilan ishlash va kitobxonlar ehtiyojini o‘rganish kabi mavzularda mahorat saboqlari o‘tiladi.

Shu bilan birga “Grand ta’lim” maskani qoshidagi tarjima va tahrir sohasiga oid “Mahorat maktabi” faoliyatiga oid seminar va davra subatlarini o‘tkazish, nashriyotlar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish uchun tet-atet formatda muloqotni yo‘lga qo‘yish yuzasidan ham mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Seminar doirasida Intellektual mulk departamenti, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, “Asaxiy books”, Yangi asr avlodi”, “Hilol-nashr” nashriyotlari mutaxassislari mahorat darstlari va taqdimotlar o‘tkazib, sohaga oid yangicha, innovatsion va zamonaviy yondashuvlarni taqdim etishdi.
N.Usmonova, O‘zA