“Mo‘ynoqqa yordam” xayriya aksiyasi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi, Markaziy Kengashi, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamkorligida Mo‘ynoq tumanida “Mo‘ynoqqa yordam” xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Ikki kun davom etgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholi muammolarini to‘liq qamrab olish, ularga tezkor, samarali va hayotiy yechim topishdan iboratdir. Aksiyaning birinchi kunida partiya Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zXDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, Jo‘qorg‘i Kenges va tuman deputatlaridan iborat ikkita ishchi guruhi shakllantirildi.
Tadbirning ochilish marosimida tuman hokimi Ye.Yedenboyev, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i A.Qurbanov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari M.Hasanova, D.Mamadjanova, O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi raisi X.Yeshimbetov so‘zga chiqib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shu jumladan, Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Ushbu ezgu ishlarda siyosiy partiyalar ham faol ishtirok etib kelmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan tadbir tuman aholisi muammolarini joylarda o‘rganish, kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tumanni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shishga xizmat qiladi.
Tadbir ishtirokchilari 10-maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Tarbiyalanuvchilarga sovg‘alar topshirildi.
Tumanda Xalq demokratik partiyasi bog‘i yaratilmoqda. Shu kuni mazkur bog‘g‘a 200 dan ziyod manzarali daraxt ko‘chati ekildi.
Partiya faollari bilan deputatlar tumandagi “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan xabar oldi. “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Manzura Berdishovaga nogironlik aravachasi topshirildi. Shuningdek, kam ta’minlangan oilalarga sovg‘alar berildi
Partiyadan saylangan deputatlar umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati, ularning moddiy-texnik ta’minoti bilan tanishdi. Aniqlangan muammolar Xalq deputatlari mahalliy kengashlaridagi partiya guruhlarida, doimiy komissiya yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi, zarur hollarda sessiyaga masala kiritish orqali muammolarni hal etish choralari ko‘riladi.
Tuman hokimligida birinchi kun yakunlariga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar va aholining fikr-mulohazalari tinglandi va yechimi nazoratga olindi. Deputatlarning ta’kidlashicha, muammolar mana shunday joyida hal etilsa, ma’lum vaqt va mablag‘ talab qiladigan masalalar bir tizimda jamlansa – nafaqat aholining murojaatlari, shikoyat va arizalari keskin kamayadi, balki islohotlarning samaradorligi ham oshadi, xalqimizning o‘z hayotidan rozi bo‘lib yashashiga erishiladi.
Ikkinchi kuni bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi korxona, tashkilot, o‘quv yurtlari o‘zlarida mavjud 100 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi. Tadbirda ishsiz fuqarolar, shu jumladan yoshlar ishga joylashdi.
Partiya tomonidan aholi salomatligini muhofaza qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu kuni kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oila a’zolari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA