Mo‘ynoqda onlayn suvenir do‘koni ish boshladi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi va ko‘magida Mo‘ynoq tumanida www.yurtashop.uz onlayn suvenir do‘koni ish boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan Mo‘ynoq tumanida turizmni rivojlantirish sohasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bevosita Bosh prokuratura tashabbusi bilan “NavrUz” etnofestivali, “Ralli Mo‘ynoq” avtomobil sporti musobaqalari, Milliy ot o‘yinlari turniri, “Muynak Sand Cup – 2022” sohil futboli va voleyboli bo‘yicha turnir, “Xalqlar do‘stligi kuni” festivali va boshqa bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. “Hunarmandlar alleyasi”, “Shoirlar alleyasi”, “Yurta” hunarmandchilik markazi va xosteli, “Baliqchining uyi” muzeyi va selfi ob’ektlar foydalanishga topshirilib, hozirgi kunda xorijiy va mahalliy sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Onlayn do‘konni ishga tushirishdan asosiy maqsad – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, jumladan, Mo‘ynoq tumani hunarmandlarini qo‘llab-quvvatlash, ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda sotilishiga yordam berish, tumanga tashrif buyuruvchi sayyohlarga va mahalliy hunarmandchilik mahsulotlariga qiziquvchilarga arzon va sifatli suvenirlarni sotishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA