MO‘YNOQ: Unutilgan hududdan taraqqiyotgacha
Yangi O‘zbekiston ruhi
Buloq suviday tiniq osmonda o‘rkach-o‘rkach oq bulutlar suzib yuribdi. Bir qarashda bulutlar qo‘l yetadigan darajada yaqin ko‘rinadi.
To‘rt tomonimiz quyuq to‘qay. Uni katta yo‘l ikkiga bo‘lib o‘tgan. To‘qayning adog‘i ko‘rinarmikan deya kaftimizni peshonaga qo‘yib, olislarga ko‘z tikamiz. Kunchiqardan kunbotar qadar biror belgi, chegara ko‘rinmaydi. Ko‘ksimizga yoqimli shabada uriladi. Bu shunchaki shabada emas, yangi O‘zbekiston nafasini diyorimiz bo‘ylab tarqatayotgan hayotbaxsh epkin! Bundan 8-9 yil avval ham biz kelgan ushbu manzil adog‘i ko‘rinmas sahro bo‘lganiga ishonish qiyin. Lekin bu inkor etib bo‘lmas haqiqat!
O‘shanda mana bu tiniq osmonni tez-tez chang qoplar edi. Chunki shamol yo‘lini to‘sadigan biror tiriklik topilmasdi. Shu bois, issiq kunlarda garmsel, havo salqin tashlaganda izg‘irin zabtiga olardi. Orolning qurigan tubida hosil bo‘lgan sahro qumlari tuz aralash havoga ko‘tarilar edi. Kimsasiz kenglikda esa kaltakesak, cho‘l chumolisi kabi sanoqli tirik jonni hisobga olmasa, hayot alomati sezilmasdi.
Biz turgan manzildan 150-200 chaqirim naridagi Mo‘ynoq tumani esa unutilgan, qarovsiz hudud edi. Unda umidi so‘nib borayotgan odamlar zo‘rg‘a kun ko‘rar, shu bois, aksariyat yoshlar o‘zi tug‘ilib o‘sgan uyini tashlab, olis shaharlarga ketish orzusida yashardi. Ana shunday bir vaziyatda hayot maromi birdan o‘zgardi. Insonlar qalbiga umid, sahro qumlariga yashillik urug‘i sepildi. Yashirib nima qildik, o‘sha paytda bu nihollar unishiga shubha bilan qaraganlar ham bo‘lgan. Ishonchimizga sabab esa ezgu amal boshida uzoqni ko‘ra biladigan, strategik reja asosida puxta ish olib boradigan mamlakatimiz yetakchisi turgan edi. Qisqa vaqtda ana shu faktor o‘z kuchini ko‘rsatib, amaliy ifoda topdi.
Ilk tashrifdan ungan gullar
Qoraqalpoq elida “Qadamingizdan gul unsin” degan ezgu tilak bor. Hayot hikmati shundaki, tilak egasini to‘g‘ri topsa, albatta, ijobat bo‘ladi. Qoraqalpoq eli doim Prezidentimiz tashrifidan quvonib, shu tilakni takrorlab yuradi. Bugun ushbu ezgu niyatning ijobatini ko‘rib turibmiz.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida birinchi tashrifini qoraqalpoq zaminidan boshlagan edi. Ushbu tashrif qaysidir ma’noda yangi O‘zbekistondagi islohotlarning amaliy qismi boshlanganidan dalolat berardi. Albatta, o‘sha paytda biz islohotlarning qanchalik ko‘lamdor ekanini, qisqa vaqtda hatto qaqroq sahroni ham yashil maydonga aylantira oladigan darajada hayotbaxsh bo‘lishini tasavvur qila olganimiz yo‘q. Orolning qurigan tubiga ekilgan cho‘l o‘simliklarini borib ko‘rsangiz, yangi O‘zbekistondagi islohotlar haqidagi qarashlaringiz yanada jonlanadi. Inson xalqini yaxshi ko‘rib, so‘zi va amal birligi ila harakat qilsa, sahroga ham hayot baxsh eta olishiga amin bo‘lasiz.
Chunki Orolning qurigan tubi yashil qoplama bilan qamrab olinyapti, ilk ekilgan nihollar kosmosdan ko‘rina boshladi deya ta’riflash oson. Ammo yillar davomida unutilgan olis manzilga borib odamlarga umid berish, sho‘rlagan tuproqda, suvsizlikka chidamli bir dona buta undirish... izillagan sahroning jon olar issig‘i, suyak-suyakkacha o‘tib ketadigan sovug‘iga chidab, qalin o‘rmonga aylantirish, hatto aytishga ham oson emas!
Bunga Qoraqalpog‘iston, xususan, Orolning qurigan tubiga qilgan safarimiz davomida bot-bot amin bo‘ldik.

Biz — “Yangi O‘zbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati vakillari Orolning qurigan tubi sari yo‘l oldik. Maqsadimiz ilk ekilgan nihollarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish, Orolbo‘yi aholisining quvonchiga sabab bo‘layotgan o‘zgarishlar bilan tanishish edi.

Yo‘l-yo‘lakay yon-atrofga qaraymiz. Ba’zi joylarda quyuq to‘qay, goho har joy-har joydagi qumtepalar ustida ikki-uchta saksovul ungan. Ana shu tepaliklarga qarata hamrohimiz, gazetamizning Qoraqalpog‘istondagi vakili Minajatdin Qutlimuratov izoh beradi: “Ko‘rdingizmi, saksovullar qancha qumni “ushlab” qolgan!”.
O‘sha tomonga diqqat bilan qaraymiz. Saksovul ungan tepalik tekis joydan 1-1,5 metr baland. Tepaliklarning har biri tonnalab qumdan iborat. Qumtepalarni odam bo‘yi barobar bo‘lgan ikki-uch tup saksovul tutib turibdi. Yashil qoplama endi ungan mahalda bu manzil tekis bo‘lgan. So‘ng ko‘chmanchi qum shamol bilan ko‘tarilganida yangi ungan saksovullar ildizi qumning ma’lum qismini saqlab qolgan. Shu sabab past-baland tepaliklar paydo bo‘lgan ekan. Keyin yashil qoplama bo‘y cho‘zib, urug‘i sochilib, o‘zidan ko‘paygan. Tuz aralash qumlar ko‘chishi keskin kamaygan. Ana shu manzaraning o‘ziyoq bir tup yashil butoq tonnalab tuz va qum aralashmasini yerda saqlab qolishini isbotlaydi. Bu Orolning qurigan tubi uchun yashil makon qanchalik ahamiyat kasb etishidan dalolat. Safarimizdan bir kun avval kuchli bo‘ron bo‘lganiga qaramay, osmon buloq suvi kabi tiniq ekanining asl sababi ham shu.
So‘z va amal birligidan quvvat olib
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonni ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan taraqqiy ettirish masalalarini eng ustuvor vazifalardan etib belgilab bergan. Ayniqsa, Mo‘ynoq va Orolbo‘yi hududini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib keladi.
2017-yil 19-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida davlatimiz rahbari Orol muammosiga butun dunyo nigohini qaratgandi. 2018-yilda esa Orolning qurigan qismida ekologik muvozanatni tiklash, hududda yashil qoplama barpo etish hamda daraxt ko‘chatlarini ekish tashabbusi bilan chiqqan edi. Ushbu tashabbus bilan global muammo sanalgan Orolning qurishiga qarshi amaliy ish boshlandi. O‘tgan davrda Orol dengizining qurigan tubi va Orolbo‘yi hududlaridagi 2 million gektarda o‘rmon-melioratsiya ishlari bajarildi. Xususan, 1,453 million gektarga aviatsiya, 462 ming gektarga maxsus texnikalar yordamida cho‘l o‘simliklarining urug‘lari, 85 ming gektar maydonga turli xil ko‘chatlar ekildi. Natijada hududning flora va faunasi qayta tiklanmoqda.
Shu so‘zlarni yozyapman-u, keyingi yillardagi o‘zgarishlarni ifodalash uchun so‘z ta’rifi kamdek. Chunki har bir raqam ortida qancha mehnat, mamlakat yetakchisining bir soniya ham tinim bilmay izlanishi borligini teran anglab turibmiz. Ammo shunga munosib so‘z, ifoda topa olmay jim qolamiz. Ha, ba’zan so‘z qudrati ham inson matonati, mehnati oldida ojiz qolar ekan. Shu onda shoirning quyidagi misrasi yodga tushadi:
Taqdirin qo‘l bilan yaratar inson,
G‘oyibdan kelajak baxt — bir afsona.
Yangi O‘zbekistondagi inson qadri uchun boshlangan yangilanishlar baxtni kutish emas, uni bugun yaratishga qaratilgan. Shu bois, xalqimiz bugunidan rozi, ertasidan ko‘ngli to‘q bo‘lib yashamoqda. Xalqni rozi qilish, turli millat va elatdan iborat jamiyatni yagona Vatan atrofida birlashtirish haqiqiy yetakchilargagina xos fazilat.
Mamlakatimiz Liderining barcha sohalar kabi ekologiyani asrash borasidagi tashabbuslari ham xalqaro maydonda chuqur o‘rganilmoqda. Boshqa mamlakatlar ushbu tajribalarni keng joriy etishga urinyapti. Negaki, ular shunchaki tashabbuslar emas, yillar davomida to‘plangan tajriba, hayotiy xulosalar va ilmiy izlanishlar hosilasidir. Eng muhimi, xalqimiz oldida farzandlik burchini bajarishga bo‘lgan kuchli ishtiyoq, so‘z va amal birligining ifodasi. Shu bois, yangilanishlar “islohot qilindi” degan nom uchun emas, tom ma’noda xalqni rozi qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlardir...
O‘shanda ekilgan nihollar o‘rmonga aylanibdi
Mashinamiz to‘qayga xos past-baland yo‘lda bir maromda ketib borar edi. Oldimizda yo‘l chetida tizilib turgan ikki-uchta mashina ko‘rindi. So‘ng ochiq maydonda belkurak olib, qopda nimadir sochib yurgan odamlar ko‘zga tashlandi. Qiziqish sabab ularning yoniga to‘xtadik. Tasodifni qarang, ular Orolning qurigan tubida iqlim sharoiti, tuproq unumdorligiga qarab, daraxt va buta turlarini tanlab ekadigan olimlar guruhi, soha mas’ullari ekan. Tabiiyki, maqsadi mushtarak insonlar sifatida tezda til topishdik. Ular suhbat chog‘ida juda qiziq, muhim ahamiyatga ega ma’lumotlarni aytib berdi.
— Orolni yashil makonga aylantirish faqat ko‘chat ekish, urug‘ sepishdan iborat emas, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi rahbari Oybek Aminov. — Ishlarni innovatsion va ilmiy yondashuv asosida tashkil etishga jiddiy e’tibor beryapmiz. Davlatimiz rahbari oldimizga mana shunday muhim vazifa qo‘ygan. Olimlar bilan hamkorlikda urug‘larni maxsus granulalash va kapsulalash orqali ekish amaliyotini sinovdan o‘tkazyapmiz. Kapsula deganimiz — zarur mineral o‘g‘itlar yig‘indisi. Ilmiy asosda necha kilo urug‘ga qaysi o‘g‘itdan qancha qo‘shish kerak ekani ishlab chiqilgan. Shunga ko‘ra, minerallar qorishmasi va urug‘lar aralashtiriladi va yumaloq holatga keltiriladi. Kapsula namlikni yaxshi saqlaydi. Og‘irligi sabab shamolda uchib ketmaydi. Samolyotda sepilsa ham mo‘ljallangan yerga aniq tushadi. Shu tariqa kapsula cho‘l sharoitida o‘simliklarning unuvchanlik darajasini keskin oshiradi. Hozir boshqa joylarga nisbatan tuprog‘i ko‘proq sho‘rlangan, tuzli qum aralash yerda tajriba uchun urug‘ qadayapmiz. Maqsadimiz eng murakkab sharoitda ham yashil qoplama yaratishda samaradorlikka erishish.
Oybek Aminovning so‘zlarini tinglar ekanmiz, Prezidentimizning islohotlarning ilk kunlaridayoq kitobxonlik targ‘ibotiga alohida e’tibor bergani yodimizga tushdi. So‘ng mamlakatimiz yetakchisining “Madaniyat Mo‘ynoqdan boshlanadi” degan so‘zini esladik. Bugun bu so‘z zamirida katta hayotiy haqiqatlarni, ulug‘vor maqsadlar ro‘yobini ko‘rib turibmiz. Orolbo‘yi hududi keyingi yillarda ham ijtimoiy, ham madaniy, ham iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanib, aholi turmush darajasi tubdan yaxshilangani fikrimiz bayonidir.
Bugungi islohotlar kitob, bilim va ma’rifat bilan yanada mustahkamlanib boryapti. Yashil qoplamani yaratishdagi ilmiy izlanishlar fikrimizning yaqqol misolidir. Tajriba maydonida olimlar bilan suhbatimiz qizg‘in kechdi. Vaqt hukmiga bo‘ysunib, yo‘lda davom etdik. Endi Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi rahbari Oybek Aminov bizga hamrohlik qilib, ilk nihollar qadalgan manzil sari boshladi.

Ochig‘i, 2018-2019-yillarda ekilgan saksovul, yulg‘un kabi o‘simliklarni ko‘rib, haqiqiy o‘rmonga yetib kelganimizni angladik. O‘rmon oralab yulg‘unlarga bo‘ylab ko‘ramiz. Ularning aksariyati odam bo‘yidan ancha baland. Oyog‘imiz ostida esa son-sanoqsiz chig‘anoqlar! Qadam bosishingiz hamon ular o‘ziga xos ovoz chiqarib, qumga chuqur botadi. Axir bir paytlar bu yerda dengiz, 50-60 metr chuqurlikda suv bo‘lgan.
Katta-kichik kemalar suzib yuradigan dengiz sohilida baliqchilik xo‘jaliklari faoliyat olib borgan. Keyin suv tortildi. Buning oqibatida global iqlim muammosi yuzga kelgani haqida takrorlashimiz shart emas. O‘sha paytlarda bu yer sahroga aylangan, tepadan qaragan kishi betoblik ramzi bo‘lgan sarg‘ish rangni ko‘rar edi. Mamlakatimiz Liderining hayotbaxsh tashabbusi sabab hozir bu maydon yashil tusda ko‘zga yaqqol tashlanadi. Safar chog‘ida shunga amin bo‘ldikki, keyingi yillarda amalga oshirilgan ishlar ekologik muammoni yumshatish va unga qarshi kurashishda katta samara bermoqda. Bu yerda yangi ekotizim yaralib, hayvonot dunyosi paydo bo‘lyapti. Safar chog‘ida tulki va quyonlarning yugurib yurganini ko‘rdik. Qayerdandir sayroqi qushning xonishi eshitiladi. Hatto bu yerda kiyiklar ham bor ekan. Mutaxassislar, xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vakillarining ta’kidlashicha, hududda yashillik paydo bo‘lgach, qum va tuz bo‘ronlari 50 foizgacha kamaygan. Bu juda katta natija. Masalan, qo‘shni mamlakatlarda bunday bo‘ronlar haligacha tez-tez kuzatiladi. Yaqinda ham ular ana shunday bo‘ronlarning birini boshdan kechirdi.
— Hozir Orolning suvi qurigan o‘zanida turibmiz, — deydi Mo‘ynoq davlat o‘rmon xo‘jaligi rahbari Alisher Bekmurodov. — Bu yerlarda 2018-yildan yangi hayot boshlandi deb bemalol ayta olamiz. Hududga cho‘l sharoitiga chidamli o‘simlik turlari ekildi. Buta va o‘simliklar paydo bo‘lishi bilan shu yerdagi yovvoyi hayvonot dunyosi uchun ham yangi hayot boshlandi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz tashabbusi bilan besh-olti joyda tik quduqlar qazildi. Hayvonlar, qushlar, o‘simliklar — hammasi shu yerdan suv ichadi. Aytish mumkinki, hududda hayot yangi bosqichga o‘tdi. Yaxshilab kuzatsangiz, yulg‘un va saksovullar orasida oziqlanib yurgan quyon va boshqa turli hayvonlarni uchratasiz. Hozir ularning ko‘payish davri.
Bilasizmi, bu joylar yaqin yillarga qadar bosh-adog‘i yo‘q oppoq qum edi. Shamol qumni u yoqdan-bu yoqqa ko‘chirib, ulkan barxanlar paydo qilardi. Ilgari mana shu cho‘llarda yana o‘simliklar o‘sadi, hayvonlar qaytib keladi desa, birov ishonmasdi. Mana, hozir ko‘z o‘ngimizda bu reallikka aylandi. Ustiga-ustak, mazkur hududda ov qilish qat’iyan taqiqlangan. Shu sabab hayvonlar populyatsiyasi juda yaxshi. Hammasi shunday davom etsa, besh-o‘n yildan keyin bu yer ulkan qo‘riqxonaga aylanib ketishi hech gapmas.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, keyinchalik bu yerda faqat cho‘lga chidamli butalar emas, boshqa o‘simlik turlarini ham ekib, katta yaylovga aylantirsa bo‘lar ekan. Shu orqali chorvachilik, asalarichilik kabi boshqa tarmoqlarni rivojlantirish imkoni bor. Masalan, yulg‘un may oyining boshida gullaydi. Mazkur hududda yantoq ham ko‘p ekan. Demak, asal olish uchun yetarli sharoit mavjud. Bu iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyat. Qarang, uzoqni ko‘zlab, puxta reja asosida bajarilgan ishning samarasi va ko‘lami qanchalik keng!
Bu yil qish va bahor barakali keldi. Bunday paytda yerda namlik yaxshi bo‘ladi. Ana shunday g‘animat fursatdan unumli foydalanish har qachongidan ham muhim.
— Yerdagi namlik yaxshi ekani bois, joriy yilda yana 230 ming gektar maydonga urug‘ qadaldi, — deydi Oybek Aminov. — Jarayonda 700 dan ziyod maxsus texnika va mexanizmlardan, shuningdek, borish qiyin bo‘lgan hududlarga urug‘ sochish uchun ikkita samolyotdan unumli foydalanildi. Namlikni saqlash hamda ko‘chib yuruvchi qumlarni to‘xtatish maqsadida o‘ziga xos agrotexnik usullar qo‘llanilib, maxsus jo‘yaklar tortildi. Bu joylarga asosan sho‘r hamda qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lgan qorabaroq, yulg‘un, sarsazan, qandim, cherkez hamda izen kabi o‘simliklar ekilmoqda. Oldimizda turgan asosiy strategik maqsadlardan biri — 2030-yilga qadar mazkur hududda yana 1 million gektardan ziyod maydonda yashil qoplamalarni barpo etishdir. Bu borada maxsus saksovul ko‘chatxonalarining faoliyati tobora kengaytirilmoqda.
Baraka va unumdorlik siri shukronalikda, mardlikda
Mo‘ynoq mamlakatimizning eng shimoliy hududi. Undagi hayot maromi, yurak urishi Orol dengizi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, Orolning qurigan tubidagi yashillik bo‘y cho‘zishiga hamohang ravishda mo‘ynoqliklar qalbida ham umid, ishonch mustahkamlandi. Aniq raqamlarga e’tibor bersak. O‘tgan 2025-yilda tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 621,1 milliard so‘mni tashkil etgan. O‘sish sur’ati 121,4 foizga yetib, respublikadagi ulushi 2,1 foizni tashkil qilgan.
Ilgari mo‘ynoqliklar og‘ir turmush sharoitida yashagan. Odamlar hatto kundalik ehtiyojlarini qondirishda qiynalgan, bolalar uchun maktab formasi va o‘quv qurollarini sotib olishga ham imkoni bo‘lmagan. Yoshi ulug‘ insonlardan biri bu haqda so‘zlab, ko‘z yoshi bilan o‘tmishni esladi. Eski sandiqlarda saqlangan kiyimlardan foydalanishga, yozuv qurollarini qayta-qayta ishlatishga majbur bo‘lganliklarini aytdi. Ana shunday og‘ir vaziyatda qolgan tuman ahli bugun eksport, investitsiya loyihalari haqida bahs yuritib, uni yana qay yo‘sin ko‘paytirish borasida fikr almashyapti. Birgina misol, 2025-yilda Mo‘ynoqda jami 172 milliard so‘mlik 10 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilgan. Natijada 195 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Yana bir muhim fakt. O‘tgan yil davomida xorijiy investitsiyalar va kredit mablag‘lari hisobidan jami 5,1 million dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilgan. Bajarilgan ishlar natijasida kambag‘allik darajasi 5,5 foizdan 2,7 foizga tushirilgan.
Agar qiyoslash joiz bo‘lsa, bundan 10 yil avval tuman iqtisodi Orolning qurigan tubi kabi “sahro”ga aylangandi. Bugun u qaytadan jonlanmoqda. Shunga munosib tarzda aholining yashash sharoiti yil sayin yaxshilanib boryapti. Qanchalik murakkab bo‘lmasin, Mo‘ynoqning mard va tanti aholisi sinovlardan mardona o‘ta oldi.
Davlatimiz rahbari 2018-yilda Mo‘ynoq tumaniga tashrifi chog‘ida: “Orol fojiasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan asli shu — Mo‘ynoq aholisi. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak”, degan edi.
Safar chog‘ida Mo‘ynoqqa borib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar bilan tanishar ekanmiz, mamlakatimiz yetakchisining ilk tashrifi chog‘ida aytgan fikrlari hayotda o‘z aksini topganiga ko‘p bora guvoh bo‘ldik. Mard va tanti mo‘ynoqliklar bilan suhbatlashdik, ularning ko‘zlarida kechagi dard va bugungi umidni ko‘rdik. Orol dengizi qurishi natijasida havoga ko‘tarilgan tuz va chang nafaqat tabiatni, balki inson salomatligini ham izdan chiqargan edi. Oqibatda onkologik va boshqa og‘ir kasalliklar ko‘payib, aholi orasida xavotir va tushkunlik kayfiyati hukm sura boshlagan.
So‘nggi yillardagi keng ko‘lamli islohotlar Mo‘ynoq ahliga umid va ishonch berdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orol tubida yashil qoplamalar barpo etilishi, tuman infratuzilmasining yangilanishi, ijtimoiy sohadagi islohotlar hudud hayotini tubdan o‘zgartirdi. Mahalliy aholi ta’biri bilan aytganda, “hayot bu yerda qayta tug‘ildi”.
Tantilikni qarangki, tuman ahli ushbu imkoniyatlarga shukrona aytib, halol mehnat ila ro‘zg‘or tebratmoqda. Safarimiz davomida Mo‘ynoq tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Murod Jumaboyev juda qiziq faktni aytdi.
Orolbo‘yi aholisining ijtimoiy sharoitini yaxshilash, doimiy daromad manbalarini yaratish borasida ham qator amaliy ishlar olib borilyapti ekan. Xususan, Orol dengizida saqlanib qolgan yagona noyob jonivor — artemiya sistasi sanoatini rivojlantirish maqsadida maxsus davlat unitar korxonasi tashkil etilgan. Bugun mahalliy aholi ushbu qimmatbaho urug‘ni yig‘ib topshirish orqali o‘zlari uchun qo‘shimcha daromad topyapti.
Artemiya sistasi ma’lum mavsumda dengizda suzib, qirg‘oq sari oqib keladi. Sohilda ularni tutish ilinjida mo‘ynoqliklar qator tiziladi. Hamma belgilangan joyida turadi. Hech kim boshqalar chegarasini buzib o‘tmaydi. Artemiya sistasi kimning ro‘parasiga oqib kelsa, o‘sha kishi unga egalik qiladi. Boshqalar esa jim qarab turaveradi. Tasavvur qilyapsizmi, ro‘parangizda kilosi falon so‘m turadigan mahsulot oqib kelyapti. Ammo u kimdir chizgan chiziqdan bir qadam narida ekani bois, egalik qila olmaysiz. Kun davomida bu holat o‘n, yuz marta takrorlansa ham dengiz tortiq etgan nasibaga rozi bo‘lib uyga qaytasiz. Oh, bu mardlik, tantilikni qanchalik ta’riflamang, so‘z yetmaydi!
Jamoamiz bir-biriga ma’noli qaraydi. Har kim o‘zicha bundan hikmat izlaydi. Ana shu hikmatning barchasi bitta o‘qildizga birlashadi, nazarimda. Bu — mardlik, berilgan rizqqa shukronalik hissi. Mo‘ynoqning barakasi, boshlangan ishlarning tez rivoj topib, sho‘rlagan sahrosida ham yashillik unib ketaverishining sirlaridan biri shunda bo‘lsa, ne ajab?!
Safardan keyingi o‘ylar
Ba’zan uzoq safarlar kishiga yillar davomida shakllangan qarashlarni yangilaydigan teran xulosalarni hadya etadi. Safarimiz yakunlanib, ortga qaytar ekanmiz, yana ko‘kka ko‘z tikamiz. Osmon buloq suvidan ham tiniqroq ko‘rinadi. Negadir “Osmon — oyina” degan ibora fikr-yodimni band etadi. U vaqti-vaqti bilan bizga o‘zimiz bajargan ishlar, asl qiyofamizni ko‘rsatib turadi. Shunday o‘ylar og‘ushida ketar ekanmiz, undagi oppoq bulutlar ko‘zimizga qirg‘oqqa urilayotgan dengiz to‘lqinini eslatadi. Moviy kenglik esa sokin chayqalayotgan dengizni yodga soladi. Bularning barchasi jam bo‘lib yangi O‘zbekistondagi islohotlarning osmon oyinasidagi tasviriday taassurot uyg‘otadi. Aslida ham shunday, nazarimda.
Toshkentga qaytganimizda esa Prezidentimiz Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etish uchun Qozog‘istonga amaliy tashrif bilan borishi haqidagi xabarlar tarqala boshladi. Ana shu xabarlarga payvasta holatda dilda bir ezgu tilak tug‘ildi: Orolning moviy osmoni butun dunyoga yoyilib, ekologik masalalar barham topsin. Insonlar qalbi ham ana shunday tiniqlashib, ko‘ngillarga umid va ishonch bag‘ishlayotgan, hayotimizni tubdan o‘zgartirib, inson qadri uchun qilinayotgan ezgu va tarixiy bebaho sa’y-harakatlar doimo bardavom bo‘lsin!
Salim Doniyorov,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist