Moyli ekinlar maydoni kengaymoqda
Ayni kunlarda Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida maxsar ekish ishlari boshlab yuborildi.
Ayni kunlarda Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida maxsar ekish ishlari boshlab yuborildi.
Mamlakatimizda aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, ekologik toza o‘simlik moyiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida kungaboqar, maxsar yetishtirish bo‘yicha izchil choralar ko‘rilayotir. Moyli ekinlarni ko‘paytirish aholi farovonligini yuksaltirish va fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy samaradorligini yanada oshirish imkonini beradi.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 20-oktabrdagi “Oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni optimallashtirish va ularni yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni aholini yog‘-moy mahsulotlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilash va mahsulot turini ko‘paytirish borasidagi ishlar ko‘lamining kengayishida muhim dasturilamal bo‘layotir.
Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda 108 ming gektar maydonda moyli ekinlar yetishtirish rejalashtirilmoqda.
O‘tgan yili 100 ming gektar maydonda yetishtirilgan moyli ekinlardan 75,5 ming tonna hosil olingan bo‘lsa, bu yil fermerlarimiz 62 ming gektar maydonda maxsar, 40 ming gektar maydonda kungaboqar, 6 ming gektar yerda soya yetishtirib, 106,5 ming tonna hosil olishni mo‘ljallamoqda. “Evrosnar” qo‘shma korxonasi, “Kogon yog‘ ekstrakt”, “Uchqo‘rg‘on yog‘” aksiyadorlik jamiyatlari kungaboqar, “Uchqo‘rg‘on yog‘” aksiyadorlik va “Bo‘ston olami” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari maxsar hosilini qabul qilish va qayta ishlash uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bunday ekinlarning keng miqyosda ekilishi mahalliy navlarga bo‘lgan talabni oshiradi. Ayni paytda O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligiga qarashli moyli va tolali ekinlar tajriba stansiyasi jamoasi ertapishar, serhosil, kasalliklarga chidamli ekin navlarini yaratishda izchil izlanishlar olib bormoqda. Shunday tadqiqotlar natijasida yaratilgan bir qator moyli ekin navlari joriy yilda davlat reyestriga kiritildi.
Yurtimizda moyli ekinlar maydonlarining kengaytirilishi va ulardan tayyorlanadigan mahsulotlarning ko‘payishi import o‘rnini bosuvchi tovarlar hajmini oshirish, aholining yog‘-moy mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, shuningdek, chorvachilikni rivojlantirish imkonini bermoqda.