“Moyjuvozchi” bobo ikkinchi bor sudlandi
Inson hayotda halol rizq bilan nomiga dog‘ tushurmasdan yashashga intiladi. Mahalla-kuy va do‘stu birodarlar oldida yuzim shuvut bo‘lmasin, farzandlarimga ibrat bo‘lay, toki mening qilmishlarim uchun ularning vijdoni aziyat chekmasin, deya nojoiz harakatlardan o‘zini tiyib yashaydi. Biroq, jamiyatda shunday kimsalar ham borki, ertangi tongni unutib, faqat bugungi kunni o‘ylaydi. Bunday shaxslar nafs balosiga qul bo‘lib, beixtiyor jinoyat ko‘chasiga kirib qoladi.
Denov tumanidagi Totuvlik mahallasida vaqtincha yashaydigan Tolib Sayfiyev (ism-shariflar o‘zgartirildi)ni ham nafs balosi qing‘ir yo‘lga boshladi. 70 yoshdan oshgan bu shaxs qo‘lbola moyjuvozda chigit yog‘i ishlab chiqarishni o‘ziga kasb qilib oldi. 2021 yili uning bu qilmishi fosh bo‘ldi. Iste’molga yaroqsiz yog‘ ishlab chiqargan Tolib boboga tegishli jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. To‘rt nafar farzandning otasi, bir etak nevaralar bobosi Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Denov tumani sudining 2021 yil 5 iyuldagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 1862-moddasi 1-qismi bilan aybli, deb topildi va 1 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bobo jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudining 2022 yil 20 apreldagi ajrimi bilan o‘talmay qolgan 11 oy ozodlikni cheklash jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etildi.
Afsuski, Tolib Sayfiyev qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan ekan. Sudlanganlik holati tugallanmay turib yana eski kasbini boshladi. Qo‘lbola usulda tayyorlangan, hech qanday talablarga javob bermaydigan moyjuvozni ishlatib, iste’molga yaroqsiz yog‘ va kunjara mahsuloti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.
O‘tgan yil oktyabr oyida bojxona xodimlari mahallada tezkor tadbir o‘tkazayotganida “moyjuvozchi” boboning ham uyiga kirdi. Hovlini ko‘zdan kechirib, qo‘lbola usulda yasalgan moyjuvozga duch keldi. Shu kuni ishchi holatda bo‘lgan bitta moyjuvoz qozoni, bir donadan juvoz o‘qi, juvoz pichog‘i, generator, tasma, nasos, 1 dona 30 litr hajmli metall idish, 15 litr yog‘, 11 kilogramm texnik chigit va 41 kilogramm chigit mahsuloti, qo‘lbola moy solishga mo‘ljallangan bitta chelak tegishli tartibda daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olindi.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, T.Sayfiyevdan olingan o‘simlik yog‘i me’yoriy talablarga javob bermasligi, iste’molga mutlaqo yaroqsizligi aniqlanib, bu safar unga nisbatan Jinoyat kodeksining 1862-moddasi 2-qismin “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Tergov harakatlari yakunlangach, Tolib bobo Sayfiyev yana Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Denov tumani sudining qora kursisidan joy oldi. Sud jarayonida Tolib bobo aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Bojxona xodimlari 2022 yil 11 oktyabrda uyini ko‘zdan kechirib, chigitdan olingan yog‘ va boshqa uskunalarni topishgani hamda olib ketishganini tan oldi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan o‘g‘lining 3 nafar farzandi o‘z qaromog‘ida ekani, turmush o‘rtog‘i ham kasalligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini aytib, suddan yengillik berishni so‘radi.
Sud jarayonida sudlanuvchi boboning sodir etgan jinoyati uning aybiga iqrorligi, guvohlar ko‘rsatmasi, videokamera bilan xonadonni ko‘zdan kechiirish va ashyoviy dalillarni olib qo‘yish bayonnomasi, ekspertiza xulosasi hamda jinoyat ishida to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z isbotini topdi.
Odil sud jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarni, sudlanuvchining 60 yoshdan oshganini, qaromog‘ida voyaga yetmagan nabiralari borligi, oilada yagona boquvchi ekanini inobatga olib, tegishli jazo tayinladi. Mazkur hukm bilan sudlanuvchining xonadonidan ashyoviy dalil sifatida olingan qo‘lbola uskuna va jihozlarni, chigit, qo‘lbola usulda ishlab chiqarilgan yog‘ va kunjara mahsulotlarini yo‘q qilish belgilandi.
Asqar Qudratov,
Surxondaryo viloyat sudi
matbuot kotibi