Mourinyo “Real”da qat’iy tartib o‘rnatdi
Endilikda mashg‘ulotga kech qolgan futbolchi navbatdagi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin.
Madridning “Real” klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo jamoada intizomga oid talablarni keskin kuchaytirdi. Endilikda mashg‘ulotga kech qolgan futbolchi navbatdagi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin.
The Sun ma’lumotiga ko‘ra, Mourinyo kechikish uchun pul jarimalaridan voz kechgan. Mashg‘ulotga o‘z vaqtida kelmagan futbolchi umumiy mashg‘ulotdan chetlatilib, trenajyor zaliga yuboriladi va keyingi o‘yinda maydonga tushmaydi.
Portugaliyalik mutaxassis jamoada to‘rtta asosiy yo‘nalishga — punktuallik, mashg‘ulot, tiklanish va ovqatlanishga alohida e’tibor qaratmoqda. Jarohatlangan futbolchilar tiklanish jarayonini faqat klub bazasida olib borishi, barcha o‘yinchilar esa klub belgilagan ovqatlanish tartibiga rioya qilishi kerak.
Manbaga ko‘ra, Mourinyoning ayrim talablari Arsen Vengerning “Arsenal”dagi usullarini eslatadi. Shuningdek, u “Barselona”da kechikishlarga nisbatan qat’iy qoidalar o‘rnatgan Xans-Diter Flik tajribasidan ham foydalanmoqda.
Joze Mourinyo 11-iyun kuni “Real” bosh murabbiyi etib tayinlangan va 2029-yil yozigacha shartnoma imzolagan.