Moskva koʻz yoshlarga ishonmaydi, biroq...
Kecha tunda klublar oʻrtasidagi eng nufuzli turnir – UYEFA Chempionlar ligasining guruh bosqich uchrashuvlari yakuniga yetdi.
Kecha tunda klublar oʻrtasidagi eng nufuzli turnir – UYEFA Chempionlar ligasining guruh bosqich uchrashuvlari yakuniga yetdi. Bunga qadar ushbu nufuzli turnirning pley-off bosqichiga yoʻl olgan 15ta jamoa aniq boʻlib ulgurgandi. Chorshanba oqshomida musobaqaning bahorgi mavsumida kurashni davom ettiradigan soʻnggi klub ham maʼlum boʻldi.
“Gʻ” guruhida Ukraina chempioni “Shaxtyor” yana avvalgi mavqeini tiklashga harakat qilayotgan Fransiyaning “Lion” jamoasi bilan kuch sinashdi. Mazkur oʻyinda doneskliklarni faqat gʻalaba qoniqtirardi, fransuzlarga esa durang ham kifoya qilardi. Shu bois “Shaxtyor” ilk daqiqalardan hujumga zoʻr berdi va Morayesning aniq zarbasidan keyin hisobda oldinga chiqib olgandi. Ammo, guruh bosqichida kimsan “Manchester Siti”ga yutqazmagan fransuzlar uchun “Shaxtyor”ga imkoniyatni boy berish aslo yarashmasdi. Yakunda shunday boʻldi ham. Oʻyinning 65-daqiqasida soʻnggi vaqtlarda Yevropaning top klublari aqlini oʻgʻirlayotgan Nabil Fekir hisobni tenglashtirdi. Bu natija “Lion”ga pley-off yoʻllanmasini taqdim etgan boʻlsa, “Shaxtyor” yana Yevropa ligasiga ravona boʻldi.
Kechagi oʻyinlar orasida eng kutilmagan hamda barchani hayratlanishiga sabab boʻlgan natija “Santyago Bernabeu” stadionida kuzatildi. Unda CHLning soʻnggi uch yildagi gʻolibi “Real” Moskvaning SSKA jamoasiga yirik – 0:3 hisobida yutqazib qoʻydi. Toʻgʻri, Madrid jamoasi muddatidan avval pley-off yoʻllanmasi va guruh gʻolibligini naqd qilgandi. Shu bois Santyago Solari bu oʻyinda asosiy tarkibning bir qator yetakchilariga dam berishga qaror qildi. Xususan himoya markazi Xesus Valyexo va Xavyer Sanches singari tajribasiz futbolchilarga ishonib topshirildi. Bu esa mazkur oʻyinda faqat gʻalabagina Yevropa ligasiga yoʻllanma taqdim etishi mumkin boʻlgan armiyachilarga qoʻl keldi. Aniqroq aytadigan boʻlsak, SSKA gʻalaba qozonib, Chexiyaning “Viktoriya” klubi oʻz maydonida ochko yoʻqotsagina ruslar Yevropa ligasida kurashni davom ettirishi mumkin edi. Buni toʻgʻri anglagan mehmonar ilk daqiqalardan hujumga zoʻr berishdi va tanaffusgacha hisobni 0-2 koʻrinishiga keltirishdi. Bu paytda parallel ravishda kechayotgan “Viktoriya” – “Roma” oʻyinida hisob ochilmagan edi. Tanaffusdan keyin ham ruslar hujumkorlikni pasaytirmadi va yakunda yirik gʻalabaga erishdi. Ammo bu paytda chexlar “Roma”ni 2-1 hisobida magʻlub etishga muvaffaq boʻlgandi. Natijada SSKA misli koʻrilmagan qahramonlik koʻrsatgan boʻlsa-da, (CHLda “Real”ni guruh bosqichida har ikki oʻyinda magʻlub etgan jamoa boʻlmagan) hatto Yevropa ligasidan ham chetda qoldi. Nima ham derdik, Moskva koʻz yoshlarga ishonmaydi, ammo armiyachilar jamoasi koʻz yoshlar dryosiga gʻarq boʻldi.
CHLning kechagi oʻyinlarida qayd etilgan natijalar bilan tanishing:
“Yang Boyz” Shveysariya – “Yuventus” Italiya – 2:1
“Valensiya” Ispaniya – “Manchester Yunayted” Angliya – 2:1
“Ayaks” Gollandiya – “Bavariya” Germaniya – 3:3
“Benfika” Portugaliya – AYEK Gretsiya – 1:0
“Manchester Siti” Angliya – “Xoffenxaym” Germaniya – 2:1
“Shaxtyor” Ukraina – “Lion” Fransiya – 1:1
“Real Madrid” Ispaniya – SSKA Rossiya – 0:3
“Viktoriya” Chexiya – “Roma” Italiya – 2:1