“Mo‘r tebransa ko‘rguvchi ko‘zlar”: Turkiy qo‘shinlarda tungi mudofaa va xavfsizlik
O‘rta asr harbiy yurishlarida qo‘shinning xavfsizligini ta’minlash eng asosiy masalalardan biri bo‘lgan. Ayniqsa, janglar oralig‘idagi vaqtda, qarorgohda orom olayotgan lashkarni tashqi xatarlardan asrash o‘ta muhim sanalgan. Buning uchun mahsus mudofaa tartiblari va harbiy qismlar joriy etilgan.
Qo‘shin muayyan bir manzilda to‘xtaganda, lashkargoh atrofi darhol istehkomga aylantirilgan. Aravalar bir-biriga zanjirband qilinib, mustahkam to‘siq hosil qilingan. Ularning ortidan shox-shabbalar yotqizilib, girdiga chetan qo‘yilgan. Shuningdek, qarorgoh atrofida ichiga mo‘ndu o‘rnatilgan chuqur xandaqlar qazilgan.
Ushbu himoya tizimi kechayu kunduz ikki xil harbiy bo‘linma nazoratida bo‘lgan. Kunduzgi soqchi bo‘linmalar “yazak”, tungilari esa “taloya” nomi bilan yuritilgan. G‘anim qo‘shini yaqinlashishi bilan lashkar xandaqdan chiqib, darhol jangovar saf tortgan va unga qarshi yuzlangan. Bu jarayonda taloya qismlarining vazifasi va ahamiyati o‘ta yuqori bo‘lgan. Taloya – Sharq davlatlari qo‘shinlarida keng qo‘llanilgan maxsus harbiy atamadir. U lashkar joylashgan hududni va harbiy qarorgohni tunda himoya qiluvchi maxsus qismni anglatadi. Biroq, uni odatiy tungi soqchilik bilan bir xil deb baholash to‘g‘ri emas.
Odatiy tungi qorovullarning muayyan belgilangan o‘rni, ya’ni posti bo‘lgan. Ular faqatgina o‘sha joyda turib nazorat olib borgan. Taloya esa doimiy harakatdagi bo‘linma hisoblangan. Ular qarorgoh atrofida, tashqariga chiqqan holda faoliyat yuritgan. Tun bo‘yi qo‘shin joylashgan hududni tashqaridan aylanib, tinimsiz kezgan va ehtimoliy hujumning oldini olgan. Bunday murakkab harbiy tartiblar haqidagi ma’lumotlarni Alisher Navoiy asarlarida ham uchratish mumkin. Mutafakkir nafaqat davlat arbobi, balki mohir harbiy bilimdon ham edi.
Navoiy Husayn Boyqaroning ko‘plab harbiy yurishlarida shaxsan ishtirok etgan. U jang maydonlaridagi holatni va qo‘shin tartibini bevosita o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Navoiyshunos Qodirjon Ergashevning yozishicha, shu sababli ham, so‘z mulkining sultoni harbiy atamalarni juda aniq bilgan va o‘z asarlarida o‘rinli qo‘llagan. Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida Iskandar va Doro qo‘shinlarining jang oldidagi holati tafsilotlari berilgan. Asarda Iskandar qo‘shinining tungi xavfsizligini ta’minlovchi taloyalar haqida ma’lumotlar mavjud. Navoiy o‘zi guvoh bo‘lgan harbiy jarayonlarni, turkiy qo‘shinning harbiy mahoratini dostonga singdirib, holatni so‘z vositasida jonlantirgan.
Ma’lumki, kun botib, qorong‘u tushishi bilan taloya qarorgohdan tashqariga chiqqan. Ular o‘ta sergaklik bilan o‘z vazifasini bajarishga kirishgan. Navoiy bu holatni shunday tasvirlaydi: “Quyosh chun botib, ko‘kka soya chiqib, Hamul iki yondin taloya chiqib”. Bu vaqtda kunduzgi yazak ahli o‘z o‘rnini taloyaga bo‘shatib bergan. Shoir navbatdagi misralarida bu qat’iy almashinuvni “Yazak ahlig‘a, o‘yla, bedorliq, Taloya aro, o‘yla, hushyorliq”, deya izohlaydi. Taloya qismining tungi sharoitdagi tezkorligi va sezgirligi yuqori darajada bo‘lgan. Navoiy ularning hushyorligini ta’riflab, e’tiborga molik badiiy o‘xshatishdan foydalanadi. Qayd etilishicha, agar tunda bir chumoli tebransa, taloya o‘sha zahoti uning ko‘zini o‘q bilan teshar edi.
Asarda bu tasvir “Ki gar mo‘r tebransa, qilmay darong, Tikarlar edi ko‘zin, otib xadang”, shaklida berilgan. Birinchi kungi to‘qnashuv tugagach, har ikki tomon o‘z qarorgohiga qaytadi. Ertasi kuni bo‘ladigan hal qiluvchi jang oldidan lashkar kuch to‘plashi talab etilgan. Bu vaqtda taloyalar butun qo‘shinning oromini va to‘liq himoyasini o‘z zimmasiga olgan. Adabiyotshunos olim Qodirjon Ergashevning yozishicha, mutafakkir ushbu mas’uliyatli lahzani: “Taloya yana chiqti har soridin, Yazak tinmadi hifz izhoridin”, deb qayd etadi. Shuningdek, taloyaning yana bir muhim vazifasi dushman ayg‘oqchilarini tutish bo‘lgan.
Navoiy boshqa bir o‘rinda buni aniqlashtirib o‘tadi: “Taloya bo‘lub har tarafdin mudir, Tun o‘g‘risin etmak uchun dastgir”. Ya’ni, qorong‘ulikdan foydalanib qarorgohga yaqinlashgan har qanday yot unsur tezda qo‘lga olingan. Ushbu tarixiy ma’lumotlar davlatchiligimiz tarixida harbiy intizom va mudofaa ilmi naqadar puxta ishlab chiqilganini ko‘rsatadi. Qo‘shinning jang maydonida va orom pallasida qat’iy tartibga bo‘ysunishi kuchli armiyaning asosi bo‘lgan. Ajdodlarimizning harbiy ilm borasidagi bunday tajribalari bugungi kun uchun ham muhim. Bu tarixiy dalillarni chuqur o‘rganish va tahlil qilish tariximizning yangi qirralarini kashf etishga xizmat qiladi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA