Monomarkazlar qayta tashkil etilmoqda (+video)
Insonning ko‘zi ojiz bo‘lishi mumkin, lekin qalbi ochiq bo‘lsa, olamni ko‘ra oladi. To‘g‘risi, poytaxtimizdagi “Kasbiy ko‘nikmalar markazi”da ko‘rish qobiliyati pasaygan fuqarolar uchun kompyuter operatorlik kurslari borligini eshitib hayratlandik. Bu yerga kelib insonning qanchalik imkoniyatlari keng ekanligini amalda ko‘rdik. Kompyuter olamini klaviaturalar orqali his qilish, idrok qilish va unda ishlash oson ish emas albatta.
Tuman bandlik bo‘limidan yo‘llanma orqali o‘quv kurslarga qabul qilingan tinlovchilar bepul kompyuter saboqlarini mahoratli ustozlaridan o‘rganmoqdalar. Har bir o‘quvchiga individual yondoshuv asosida 2 oy davomida kompyuter operatori kasbi o‘qitiladi, yakunida diplom topshiriladi. Bu yerda asosan talabalar kelib o‘qiydi.
Imkoniyati cheklangan fuqarolarga yana bir qulaylik yaratish maqsadida joriy yildan markaz qoshida brayl alifbosida adabiyotlar chop etuvchi nashriyot faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jamoaning faolligi tufayli “Tashabbusli byudjet”dan ko‘p ovoz olib, loyiha yutib olindi. Natijada yana bir ijtimoiy tashabbus amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Joriy yilning 4 oktyabr kuni davlatimiz rahbarining “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari “Kasbiy ko‘nikmalar markazlari” sifatida qayta tashkil etilmoqda. Bunda qaror bilan ushbu muassasalarga bir qator imtiyozlar ham berilyapti. Bu esa kelgusida kasb-hunar turlarining ko‘payishiga zamin bo‘ladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/suSdzYdxFMo" title="Monomarkazlar qayta tashkil etilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev(video), O‘zA