Monomarkaz faoliyati mehmonlarga manzur bo‘ldi
Mamlakatimizga tashrif buyurgan Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha Ozarbayjon delegatsiyasi Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyati bilan tanishdi.
Delegatsiya a’zolariga “Ishga marhamat” monomarkazining tuzilmasi va asosiy vazifalari, islohot va istiqboldagi rejalar haqida qisqacha ma’lumot berildi. Ixtisoslashtirilgan o‘quv xonalarida yaratilgan sharoitlar, oshpazlik, qandolatchilik, veb–dasturchi, elektrik va mashinasozlik bo‘yicha olib borilayotgan o‘quv kurslari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Monomarkaz direktori Alixan Umarov issiqxonachilik, bedanachilik, payvandlovchi yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan fuqarolarni kasbga o‘qitish va ish bilan ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovorligi mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi.
[gallery-8124]
– Mana bugun delegatsiya a’zolari bilan Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bo‘ldik, – deydi Ozarbayjon Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Odam savdosiga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i, delegatsiya rahbari Samir Garayev. – Markaz juda chiroyli, kasbga o‘qitish uchun qulay jihozlangan. Xodimlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda ularning professionalligiga, o‘z ishining mahoratli ustasi ekanligiga amin bo‘ldik. Prezident Shavkat Mirziyoyev, Bandlik va mehnat vazirligi hamda monomarkazlar tomonidan ishsizlarni ish bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar tahsinga sazovor. Bu yerdagi tashrifimiz biz uchun juda foydali va katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Biz bu tajribani Ozarbayjonda ham joriy etishni rejalashtirdik.
Mehmonlar bilan o‘tkazilgan davra suhbatida monomarkaz monitoring mexanizmi, uning faoliyatidagi hamkor tashkilotlar, qanday reabilitatsiya metodlaridan foydalanayotgani, tinglovchilarga psixologik jihatdan ko‘mak berish tartibi, shuningdek, xodimlarga yaratib berilgan xizmat sharoitlari yuzasidan fikr almashildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA