Moliyaviy barqarorlik istiqbollari
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida «O‘zbekiston tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va resurs bazasini mustahkamlash – iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim omili» mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida «O‘zbekiston tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi va resurs bazasini mustahkamlash – iqtisodiy o‘sishni ta’minlashning muhim omili» mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.Akademiya rektori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov, O‘zbekiston banklar uyushmasi bosh direktori S.Abdullayev, moliya vazirining o‘rinbosari M.Mirzayev, Markaziy bank raisi o‘rinbosari A.Haydarov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz bank tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida tijorat banklarining moliyaviy barqarorligi, resurs bazasining mustahkamlanishiga erishilayotganini ta’kidladi.
Tijorat banklari faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish, banklarning xalqaro moliya bozoridagi ishtirokini kengaytirish, investitsiya salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotir.
Davlatimiz rahbarining 2015-yil 6-maydagi «Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishda dasturilamal bo‘lmoqda.
Mutaxassislar qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada takomillashtirish, davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyalashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samaralari haqida so‘z yuritdi.
Konferensiyada yosh oilalarni tadbirkorlikka jalb etish, yoshlar bandligini ta’minlash, oilada doimiy daromad manbaini yaratishda banklarning o‘rni, tijorat banklarida uzoq muddatli resurslarni shakllantirishning ahamiyati, real sektor korxonalari innovatsiya faoliyatini investitsion qo‘llab-quvvatlash, ish faoliyatini xalqaro standartlarga moslashtirish kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.