Moliya muassasalari – xususiy sektor ko‘makchisi
Termizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda sohani rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan imtiyoz va preferensiyalar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Termizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hamda sohani rivojlantirish yo‘lida yaratilayotgan imtiyoz va preferensiyalar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Surxondaryo viloyati hokimligi va viloyat prokuraturasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi. Bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi, yurtimiz taraqqiyoti va aholi farovonligi uchun xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida 10 ming 995 kichik biznes subyekti faoliyat yuritib, yalpi hududiy mahsulotning 78,5 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri kelayotir. 728 mingdan ziyod kishi shu sohada mehnat qilmoqda. Sog‘lom bola yilida mingdan ortiq kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti tashkil etilgani 28 ming yangi ish o‘rni yaratish imkonini berdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga 384 milliard so‘m kredit mablag‘i yo‘naltirildi.
Bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi kreditlash mexanizmini takomillashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda o‘z ifodasini topmoqda. Joriy yildan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 12 foizdan 10 foizga tushirilgani iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
– Tadbirkor ayollarimiz tijorat banklarining imtiyozli kreditlaridan samarali foydalanib, o‘z biznesini rivojlantirayotir, – deydi Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Qobulova. – Yilning o‘tgan davrida tadbirkor ayollarga 40 milliard 600 million so‘m kredit mablag‘i ajratilgani buning yorqin dalilidir.