Mo‘l hosil olishning muhim omili
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan Sharof Rashidov tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida g‘o‘za parvarishida amalga oshiriladigan muhim agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda paxtadan mo‘l hosil yetishtirish, g‘o‘za parvarishida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli olib borish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Joriy qishloq xo‘jaligi mavsumida Jizzax viloyati paxtakorlari tomonidan 77 ming 900 gektar maydonda paxta parvarish qilinmoqda. Shu kecha-kunduzda chigit ekilgan maydonlarning 32 ming 399 gektari 5-6 chinbarg chiqarib, 58,4 foiz gektardagi nihollar shonalash davriga o‘tgan. Joriy mavsumda ham mo‘l hosil yetishtirishni maqsad qilgan fermerlar va klasterlar eng avvalo, g‘o‘za qator oralariga sifatli ishlov berishga jiddiy e’tibor qaratgan.
Ayni paytda, bir kunda 9 ming 24 gektar, mavsum boshidan buyon 244 ming 686 gektar g‘o‘za qator oralariga ishlov berilgan. Tuproq yetilishi paytida g‘o‘za qator oralariga kultivatorni kechiktirmasdan kiritish juda muhim. Ushbu jarayonda o‘simlikning oziqlanish tizimi yaxshilanib, yosh nihollarning ildiz chirish va gommoz kasalliklari bilan zararlanishi, sug‘orish jarayonida suvning 50 foizi behudaga isrof bo‘lishining oldi olinadi.
bugungi kunda viloyat bo‘yicha mavsumga 1 ming 322 dona kultivator jalb etilgan bo‘lib ular yordamida 1 kunda 5,2 gektar maydon kultivatsiyadan chiqarilmoqda. Bundan tashqari, g‘o‘za o‘sish davrida yetarli miqdorda o‘g‘it bilan ta’minlash zarur bo‘ladi. Hozirga qadar, maydonlarni mineral o‘g‘itlar bilan birinchi oziqlantirish ishlari to‘liq nihoyasiga yetkazilgan.
[gallery-7426]
– G‘o‘za parvarishida agrotexnik tadbirlarni vaqtida o‘tkazish ishlari nazorati o‘tkazilganida ushbu agrotexnik tadbirlarga 37 ming nafarga yaqin chopiqchi, 386 dona g‘o‘za qator orasini chuqur yumshatuvchi texnika, g‘o‘zani bargidan oziqlantirish tadbirlariga 561 dona purkagich jalb etilganligi aniqlandi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Jizzax viloyati boshqarmasi katta inspektori Sanjar Mirzakarimov. – Viloyatda mavsum boshidan buyon g‘o‘za agrotexnik tadbirlarini o‘tkazish davomida 186 ta xato va kamchiliklar aniqlangan. Ularni bartaraf etish bo‘yicha tuman hokimliklariga 16 ta taqdimnoma kiritilgan. 259 nafar fermer xo‘jalik rahbarlariga ogohlantirish xatlari va 172 ta yozma ko‘rsatma berilgan.
Matbuot anjumanida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA