Modi uchinchi bor hokimiyatni o‘zida saqlab qoldi
Hindistonda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida g‘alabaga erishgan “Milliy-demokratik alyans” koalitsiyasi yetakchisi Narendra Modi Bosh vazir sifatida qasamyod qildi.
Ovoz berish yakuniga ko‘ra, uning yetakchiligidagi Hindiston xalq partiyasi o‘n yil ichida ilk bor parlamentda mutlaq ko‘pchilikka erisha olmadi. Partiya egallagan 240 o‘rin hukumat tarkibini mustaqil shakllantirish uchun yetarli emas. Bunday imkoniyatni qo‘lga kiritish uchun yana 32 o‘rin zarur edi.
“Milliy-demokratik alyans” koalitsiyasi – bir necha partiyadan iborat siyosiy birlashma bo‘lib, birgalikda parlamentda jami 292 o‘rinni naqd qildi. Shu bois endi yangi kolitsion hukumat tuziladi.
Xullas, Narendra Modi Javoharla’l Neru davridan buyon hukumatga uch bor rahbarlik qilgan birinchi Bosh vazir sifatida tarixda qoladi.
Qasamyod marosimi xavfsizlik chorasi o‘ta kuchaytirilgan sharoitda o‘tdi. Prezident saroyi atrofida xavfsizlikni ta’minlashga ikki yarim mingdan ziyod harbiy, besh harbiylashtirilgan bo‘linma, kommandos guruhlari, merganlar hamda dronlar jalb qilindi.
Marosimga Shri-Lanka Prezidenti Ranil Vikremesingxe, Maldiv Prezidenti Muhammad Muizza, Seyshel orollari vitse-prezidenti Ahmad Afif, Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasina, Mavrikiy Bosh vaziri Pravind Kumar Jagnaut, Nepal Bosh vaziri Pushpa Kamol Dahal va Butan Bosh vaziri Tshering Tobgay taklif etildi.