Modernizatsiya tizimga nima beradi?
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan sohaga raqamlashtirish texnologiyasining kiritilgani bir qator muammolarning oldini oldi.
Viloyatda 290 mingdan ziyod tabiiy gaz iste’molchilari istiqomat qiladi. Ular tabiiy gazdan muammosiz foydalanmoqda. Sohada iste’molchilar uchun yana bir qulaylik yaratildi. Xo‘sh, zamonaviy ikki bosqichli tizim aslida qanday qulaylik beradi?
– Ushbu amaliy jarayondan asosiy maqsad tabiiy yo‘qotishlar va tafovutlarning oldini olish uchun amalga oshirilmoqda, – deydi gaz ta’minoti filiali bosh muhandisi Sirojiddin Avezov.

– Joriy yilda viloyat bo‘yicha 24 mingdan ziyod tabiiy gaz iste’molchisining xonadoni uch bosqichli tizimdan zamonaviy ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi. Gaz maromlash qurilmalari demontaj qilinib, “aqlli” hisoblagichlarga maxsus reduktorlar o‘rnatilmoqda. Jarayonlar davomida har bir iste’molchiga tushuntirishlar berilmoqda. Hisoblagichdan maqsadli foydalanish, to‘lovlarni esa o‘z vaqtida amalga oshirilish zarurligi qayd etilmoqda.

Buxoro tumani hududida istiqomat qiluvchi tabiiy gaz iste’molchilari xonadonlarining aksariyati yangi tizimga modernizatsiya qilindi.
Xususan, Otbozor mahallasi aholisi xonadoni ham. Mahalladagi gaz maromlash qurilmasi demontaj qilinib, zamonaviy hisoblagichlarga maxsus reduktorlar o‘rnatildi. Ayni kunlarda jarayonlar tumanning bir qator mahallalarida davom etmoqda. Ta’kidlash lozim, tuman bo‘yicha joriy yilda 5 mingga yaqin xonadonning tabiiy gaz ta’minoti zamonaviy ikki bosqichli tizimga o‘tkazildi.

Bugun raqamlashtirish jarayoni asosida ish olib borish – davr talabi. Ayni shu ehtiyoj bilan barcha sohalarda modernizatsiya jarayonlarining joriy etilayotganligi iste’molchiga qulaylik yaratishi barobarida, muammolarning oldini olinishida ham asos bo‘lmoqda. Ayniqsa, gaz ta’minotidagi har qanday yangilanish iste’molchiga qulaylik yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri