Misrda komendant soati muddati ikki haftaga uzaytirildi
Mazkur qarordan koʻzlangan maqsad koronavirus tarqalishiga kurash doirasida aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni davom ettirishdir.
Misrning “al-Yavm as-saabiʼa” (“Yettinchi kun”) gazetasi 9-apreldagi sonida Misr Bosh vaziri doktor Mustafo Madbuliyning qaroriga binoan payshanba kunidan eʼtiboran mamlakatda komendant soatiga amal qilish muddati ikki haftaga uzaytirilganini xabar qildi. Komendant soati butun mamlakatda kechki payt 20.00 dan ertalab 06.00 ga qadar davom etadi.
Mazkur qarordan koʻzlangan maqsad koronavirus tarqalishiga kurash doirasida aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni davom ettirishdir. Komendant soati mobaynida oʻta zarur favqulodda holatlardagina istisno tariqasida harakatlanishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, komendant soatida barcha koʻngilochar maskanlar, istirohat bogʻlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari yopiladi. Faqat yetkazib berish xizmatlari 24 soat mobaynida ishlashiga ruxsat beriladi.
Savdo markazlari va shoxobchalari, xizmat koʻrsatish muassasalariga soat 06.00 dan 17.00 gacha ishlashga ruxsat etilib, juma va shanba kunlari umuman ishlamaydi. Ishlovchilardan tibbiy nuqtayi nazardan barcha ehtiyot choralarini koʻrish talab etiladi.