Misr Sudan urushiga bevosita qo‘shildimi?
Misrning janubi-g‘arbiy chegarasidagi harbiy aerodromga Turkiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy jangovar dronlar joylashtirilgani Sudandagi fuqarolar urushida keskin burilish yuz berishi mumkinligidan darak bermoqda. Mintaqaviy ekspertlar va rasmiy manbalar fikricha, bu qadam Qohiraning mojaroga bilvosita yordamdan bevosita harbiy aralashuvga o‘tayotganini ko‘rsatadi.
Nil daryosi va 1200 kilometrdan ziyod umumiy chegara orqali Sudan bilan chambarchas bog‘langan Misr qariyb uch yildan buyon davom etayotgan urushda davlat armiyasini siyosiy jihatdan qo‘llab keladi. Ilgari Qohira ochiq harbiy ishtirokdan tiyilgan. RSF – Tezkor yordam kuchlari Darfur mintaqasida ketma-ket muvaffaqiyatga erishib, strategik hududlarni egallay boshlagach, vaziyat o‘zgaryapti.
Sun’iy yo‘ldosh tasviri va xavfsizlik manbalari qayd etishicha, Misr hududidagi Sharqiy Oviynat aerodromiga “Bayraktar Akinci” rusumli dronlar joylashtirilgan. Bunday qurilma uzoq masofaga uchish, 24 soat havoda qolish va turli rusumdagi raketa va bombalarni tashish imkoniga ega bo‘lib, Turkiyaning “Baykar” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi.

Harbiy mutaxassislar joylashuvi va atrofidagi texnik jihozlardan kelib chiqib, mazkur o‘zi uchar uchoqlar jangovar amaliyotda samarali ishlashini ta’kidlamoqda.
Misr rasmiylari bu taxminni rasman tasdiqlamagan bo‘lsa-da, harbiy doiraga yaqin manbalar chegarani himoyalash va “milliy xavfsizlikni ta’minlash” uchun zarur choralar ko‘rilayotganini bildirgan. RSF rahbari esa o‘z kuchlari qo‘shni davlatlardan uchgan dronlar tomonidan nishonga olinayotganini iddao qilib, bunday ob’ektlar “qonuniy harbiy nishon” sifatida baholanishidan ogohlantirgan.
Tahlilchilar Misrning qat’iy pozitsiyaga o‘tishi Darfurdagi Al-Fashir shahri qulashi va ushbu hududdagi begunoh aholiga qarshi sodir etilgan zo‘ravonlik turtki bo‘lganiga e’tibor qaratmoqda. Shu bilan birga mintaqada Saudiya Arabistoni, BAA, Turkiya va AQSH o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi ham vaziyatni yanada murakkablashtirayotgani aytilyapti.
Xullas, Sudan urushi tobora mintaqaviy kuchlar raqobati maydoniga aylanib, ziddiyat yumshashi o‘rniga kengayishi xavfi kuchaymoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA