“MISIS” oliygohi talabalari xalqaro olimpiada g‘olibi
Bugun kon-geologiya sohasida raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish nafaqat ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, balki soha uchun yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashning ham muhim shartiga aylanmoqda. Geologik ma’lumotlarni tahlil qilish, uch o‘lchamli modellar yaratish va konlarni raqamli baholash kabi jarayonlar endi zamonaviy konchilik mutaxassisining amaliy ko‘nikmalarini belgilab bermoqda.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan “MinGeoMod 2026” xalqaro olimpiadasi ana shu yo‘nalishdagi bilim va ko‘nikmalarni sinovdan o‘tkazgan muhim ilmiy-amaliy maydon bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Micromine Australia” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida “Geolog” oromgohida kon-geologiya sohasida raqamli modellashtirish bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro olimpiadada 11 ta oliy ta’lim muassasasidan 11 ta jamoa ishtirok etdi. Har bir jamoadan 4 nafardan talaba qatnashgani bois, musobaqaning bevosita ishtirokchilari umumiy soni 44 nafarni tashkil etdi. Ular orasida O‘zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Geologiya fanlari universiteti, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISIS”ning Olmaliq shahridagi filiali, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti bilan bir qatorda, Qozog‘iston va Tojikiston davlatlarining nufuzli oliygohlari va professional ta’lim tashkilotlari vakillari ham qatnashdi.

Shu jihatdan, “MinGeoMod 2026” olimpiadasi oddiy tanlovdan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Unda turli mamlakatlardan kelgan yosh mutaxassislar o‘z bilim va amaliy ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazish, tajriba almashish hamda geologiya va konchilik sohasida raqamli texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha yondashuvlarini namoyish etish imkoniga ega bo‘ldi.
Olimpiadaning asosiy maqsadi geologiya va konchilik ishlarida zamonaviy raqamli texnologiyalar, xususan, Micromine dasturiy majmuasidan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Jarayonda ishtirokchilardan tayyor algoritm bo‘yicha ishlash emas, balki haqiqiy geologik-qidiruv ma’lumotlari asosida mustaqil ravishda raqamli geologik model yaratish talab etildi. Ular dastlab burg‘ilash quduqlarining boshlang‘ich ma’lumotlar bazasi va namunalash natijalarini qayta ishlashdan boshladi. Keyin ma’dan tanalari chegaralarini aniqlash, uch o‘lchamli karkaslarni shakllantirish, blokli model yaratish, foydali qazilma tarkibini interpolyatsiya qilish kabi murakkab bosqichlarni bajardi.
Ya’ni tanlov davomida geologik ma’lumotning dastlabki tahlilidan tortib, uning asosida to‘liq uch o‘lchamli raqamli model yaratishgacha bo‘lgan jarayon qamrab olindi. Xususan, Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISIS”ning Olmaliq shahridagi filialidan “MacroMiner MISIS” jamoasi a’zolari, “Konchilik ishi” yo‘nalishi talabalari X.Turg‘unov, O.Umirzoqov, L.Nasrullayev va X.Sanaqulov o‘rin oldi.

Yoshlar oldida turgan vazifa “Micromine” dasturida alohida operatsiyalarni bajarish bilangina cheklanmadi. Ular dastlabki geologiya-qidiruv ma’lumotlarini to‘laqonli uch o‘lchamli raqamli geologik modelga aylantirishning izchil texnologik ketma-ketligini ishlab chiqishi lozim edi.
Jamoa ish jarayonida dastlabki ma’lumotlarni tekshirish va statistik tahlil qilish, ruda kompozitlarini hisoblash, ruda intervallarini konturlash va geologik chegaralarni shakllantirish, ruda tanalarining uch o‘lchamli karkaslarini qurish, blokli model yaratish, oltin tarkibini interpolyatsiya qilish, shuningdek, qidiruv ellipsoidi va baholash ishonchliligi parametrlarini sozlash kabi bosqichlarni izchil amalga oshirdi.
Natijada oltin tarkibining uch o‘lchamli blokli modeli shakllantirildi. E’tiborlisi, jamoa faqat yakuniy hisob-kitob natijalarini taqdim etish bilan cheklanmadi. Bajarilgan har bir texnologik qarorning mazmuni va asoslari izohlandi. Bu esa ishtirokchilarning Micromine dasturiy majmuasidan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari bilan bir qatorda, geologik jarayonlarni tushunish, modellashtirish mantig‘ini anglash va olingan natijalarni professional talqin qilish qobiliyatini ham namoyon etdi.
Xalqaro olimpiada yakuniga ko‘ra, “MacroMiner MISIS” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Olmaliq filiali talabalarining xalqaro tanlovdagi natijasi, avvalo, ta’lim jarayonida nazariy bilimlarni amaliy vazifalar bilan uyg‘unlashtirish muhimligini ko‘rsatadi. Zero, zamonaviy konchilikda geologik ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlashdan tortib, konning raqamli modelini yaratish va uni baholashgacha bo‘lgan jarayonlarda raqamli texnologiyalarning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
“MacroMiner MISIS” jamoasining g‘olibligi esa Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISIS”ning Olmaliq shahridagi filialida konchilik sohasi uchun zamonaviy raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatuvchi muhim natijalardan biri bo‘ldi.
Bugun geologiya va konchilik sohasida raqamli texnologiyalarni chuqur biladigan, geologik ma’lumotlarni tahlil qila oladigan va murakkab ishlab chiqarish vazifalarini raqamli vositalar orqali hal etadigan mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotgan bir sharoitda, bunday xalqaro maydonlarda talabalarning ishtiroki ular uchun ham nazariy bilimlarni sinash, ham kasbiy tajribani boyitishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
A.Musayev,O‘zA