Mirzacho‘lda kosmonavtika muzeyi ochildi
Avval xabar qilinganidek, 22 aprel kuni O‘zbekistonga Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi, Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi prezidenti Vladimir Shamanov boshchiligidagi delegatsiyaning tashrifi boshlangan edi.
Bugun delegatsiya Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumani markazi Gagarin shahriga tashrif buyurdi. Delegatsiya a’zolarini Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, Mirzacho‘l tumani hokimi Sherzod Ahmedov va boshqa rasmiylar, jamoatchilik vakillari kutib oldi.
Tashrif tuman markazida jahonning birinchi kosmonavti Yuriy Alekseyevich Gagarin haykalini ziyorat qilishdan boshlandi.
Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi mudofaa masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi, Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi prezidenti, Rossiya Federatsiyasi qahramoni Vladimir Shamanov boshchiligidagi ikki marta Sovet ittifoqi qahramoni, kosmonavt Vladimir Jonibekov, Sovet Ittifoqi va Rossiya federatsiyasi qahramoni Sergey Krikalev, Rossiya Federatsiyasi qahramoni, kosmonavt Solijon Sharipov, Yu.A.Gagarin nomli ilmiy tekshirish instituti markaziy ishlab chiqarish kompaniyasi boshqaruvi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari jahonning birinchi fazogiri xaykali poyiga gulchambar qo‘yib hurmat bajo keltirdi.
Bundan 60 yil muqaddam sobiq Sovet Ittifoqi fuqarosi Yuriy Alekseyevich Gagarin “Vostok” kosmik kemasida dunyoda birinchi bo‘lib Yer orbitasi bo‘ylab parvoz qilgan va insoniyatning fazoni o‘rganish tarixida yangi davrni boshlab bergan edi. Ushbu sana munosabati bilan Gagarin shahrida kosmonavtika muzeyi barpo etildi.
Delegatsiya a’zolari ushbu muzeyning ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, Rossiya delegatsiyasi rahbari Vladimir Shamanov va boshqalar ushbu muzey kosmonavtika fani tarixi va yutuqlari, jahon falakiyoti ilmiga katta hissa qo‘shgan Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy kabi buyuk siymolar ilmiy merosi bilan yoshlarni tanishtiruvchi muhim ilmiy-ma’rifiy maskan ekanligini ta’kidladi.
– Bundan 60 yil muqaddam birinchi bo‘lib koinotga ilk parvozni amalga oshirgan Yuriy Gagarin jasorati kosmonavtika fanining buyuk yutug‘i sifatida tarixda mangu qoldi, – deydi V. Shamanov. – Kosmonavtika tarixidagi bu yutuq barchamiz uchun qadrli. O‘zbekistonda Gagarin nomi bilan ataluvchi obod shahar borligi, bugun bu shaharda kosmonavtika muzeyi ochilishi mamlakatda ilm-fan taraqqiyotiga berilayotgan katta e’tiborning ifodasidir.
Darhaqiqat, Mirzacho‘l tumani markazi koinotga ilk parvoz qilgan inson Yuriy Gagarin nomi bilan atalishi, bu yerda unga mahobatli haykal qo‘yilganining tarixiy asoslari bor. O‘tgan asrning 60-yillarida sobiq ittifoq uchun Mirzacho‘lni o‘zlashtirish ahamiyati kosmosni o‘zlashtirishga qiyoslanib, cho‘lda ilk barpo etilgan shaharcha jahonning birinchi fazogiri nomi bilan atalgan edi. Bu ehtiromning yana bir sababi – Yuriy Gagarin serquyosh O‘zbekistonni, uning xalqini sevar, tez-tez mehmonga kelib turardi. U 1961 yildan 1968 yilgacha respublikamizga olti marta kelib, safarlari davomida ko‘plab jamoat, madaniyat va san’at arboblari, yoshlar, oddiy odamlar, paxtakorlar orasidan do‘stlar orttirgan.
1974 yilda Mirzacho‘l tumani markaziga shahar maqomi berilib, Gagarin nomi bilan atalgan. Shaharda birinchi fazogirga o‘rnatilgan haykalning ochilish marosimida ikki bora koinotga parvoz qilib, ikki marta Sovet ittifoqi qahramoni bo‘lgan kosmonavtlar Georgey Beregovoy va Aleksey Gubarev ishtirok etgan.
Ittifoq tarqalishi bilan sobiq respublikalar o‘rtasida sustlashib qolgan madaniy aloqalar keyingi yillarda yana qayta tiklanayotgani tufayli Rossiya va boshqa davlatlardan birinchi fazogirning Mirzacho‘ldagi haykalini ziyorat qilishga keluvchilar ko‘paymoqda.
2019 yil Jahon aviatsiyasi va kosmonavtikasi kuni Vladimir Shamanov boshchiligidagi Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi delegatsiyasi tarkibida kosmonavtlar – Vladimir Jonibekov, Solijon Sharipov, Yuriy Onufriyenko Mirzacho‘lga Yuriy Alekseyevich Gagarin haykalini ziyorat qilish uchun kelgan edi.
Gagarin shahrida kosmonavtika muzeyini barpo etish tashabbusi ham ushbu delagatsiyaning o‘tgan yilgi tashrifi chog‘ida tug‘ilgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Mirzacho‘l tuman bo‘linmasi bilan Rossiyadagi “Zashitniki otechestvo” (“Vatan himoyachilari”) fondi o‘rtasida Gagarin shahrida Kosmonavtika muzeyini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi.
[gallery-2158]
Muzeyning barpo etilishida ushbu delegatsiya rahbari Vladimir Shamanovning hissasi katta. U Mirzacho‘lda voyaga yetgan, tuman markazidagi 1-umumta’lim maktabi, so‘ngra Chirchiqdagi harbiy bilim yurtini bitirgan.
Valadimir Anatolevich har safar Mirzacho‘lga kelganda tarixiy vatanida keyingi yillarda ro‘y bergan katta o‘zgarishlardan, obodlikdan xursand bo‘ladi. Bu yerda Kosmonavtika muzeyi tashkil etish tashabbusini amalga oshirishda ham yaqin hamkorlik qildi.
O‘tgan davrda tuman madaniyat markazi uchun ikki qavatli zamonaviy bino barpo etilib, unda o‘lkashunoslik va kosmonavtika muzeyi tashkil etildi. Muzey yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning kosmonavtika bo‘yicha bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muzeydan kosmonavtika yutuqlari, unda O‘zbekistonning hissasi, Mirzo Ulug‘bek, Beruniy kabi buyuk allomalarning falakiyot ilmi taraqqiyotidagi o‘rniga bag‘ishlangan bo‘limlar barpo etilgan. Bu yerga qo‘yilgan turli eksponatlar kishiga kosmosni o‘zlashtirish to‘g‘risida boy taassurot qoldiradi.
Rossiyalik mehmonlar va tadbirning boshqa ishtirokchilari muzey faoliyati, ko‘rgazma zallari bilan tanishdi, o‘zlari ham yangi eksponatlar taqdim etdi. Vladimir Shamanov muzeyga Yuriy Gagarinning bir necha suratlari, Solijon Sharipov kosmosga parvozida olib chiqqan o‘zbek do‘ppisini muzeyga sovg‘a qildi.
Mehmonlar muzey xodimlari, tadbir ishtirokchilari bilan samimiy suhbatlashdi. Delegatsiya a’zolari muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga samimiy istaklarini bitib qoldirdi.
Rossiya delegatsiyasi Samarqand shahriga jo‘nab ketdi.
T.Beknazarov, J.Yorbekov(surat), O‘zA