Mirishkorlar sho‘rlangan yerda bug‘doy parvarishlamoqda
Buxoro viloyatida “Agrobank” filiali tashabbusi bilan fermerlar o‘quvi tashkil etildi.
Unda mahalliy iqlim sharoitida sho‘rlangan yerdan barakali bug‘doy hosili yetishtirishning ilmiy asoslangan innovatsion usullari o‘zlashtirilayotgani haqida so‘z bordi. Bugun don maysalarini tuplash, “panjalash” va “naycha”lash kabi parvarishlash bosqichlariga jiddiy e’tibor qaratmagan fermer xo‘jaligi hosildan umid qilishi mumkin emas.

— G‘alla parvarishida Olot, Qorako‘l, Jondor va qisman Romitan tumanlarida fermer xo‘jaliklarining umumiy 23 ming 326 gektar konturlarini oziqlantirish, dala boshiga mahalliy o‘g‘it yetkazib berish kabi tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Qorako‘ldonmahsulotlari” aksionerlik jamiyati mas’ul xodimi Abduxalil Mengliyev. — Dehqon –mirishkorlarga yaqin ko‘makchimiz va ayni paytda har bir tumanga 4 nafardan mutaxassis-vakilimizni biriktirganmiz. Bu vazifaga 30 ta maxsus yuk avtomashinasi, 5 ta ekskavator, 20 nafar ishchi jalb qilingan.

— Shu kunlarda Jondor tumanidagi “Yakkatut-paxtachilik, g‘allachilik va urug‘chilik klasteri” zimmasida tumanning g‘alla yetishtirilayotgan dalalari bilan birga, cho‘l massivida 10 ming gektar yerdagi bug‘doy maysalari parvarishini kechiktirmaslik, har bir agrotexnik tadbirida hududdagi 300 ga yaqin fermer xo‘jaligiga yaqindan ko‘maklashish vazifasi turibdi, – deydi mazkur ta’minot va buyurtmachi korxona ish boshqaruvchisi Ubaydullo Karimov. — Maqsad yaylovlarga tutash ekin yerlari tuproq unumdorligini oshirish, ularda salmoqli hosil yetishtirishdir. Tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikdagi “Moxonko‘l” massivini olsak, yaqin-yaqingacha bu hududdagi ekin yerlari mahsuldorligi gektariga 20 sentnerdan oshmagan. Ammo so‘nggi 3-4 yilda olib borilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida bu konturlar hosildorligi 30 sentnerga yetkazilgan. Albatta, bu dehqon, fermer xo‘jaliklari qatorida bevosita ta’minotchi sifatida bizning ham yutug‘imizdir. Turli darajada sho‘rlangan, toshloq va qumloq, past samarador ekin yerlarini zarur mineral va mahalliy o‘g‘it kiritib to‘yintirilayotgani, qishki chilla suviga qondirilayotgani, suv taqchilligi bois ba’zi konturlarga zamonaviy tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga kirishilgani ana shu muvaffaqiyat omili bo‘lmoqda desak, mubolag‘a emas.
Ayni kunlarda “Yakkatut-paxtachilik, g‘allachilik va urug‘chilik klasteri” aynan “Moxonko‘l” va boshqa cho‘l massivlarida umumiy maydoni 1 ming 200 gektar ekin yerni ochish va o‘zlashtirish ishlariga kirishgan. Shundan 670 gektarda barakali g‘alla hosilini yetishtirish ko‘zda tutilgan. Hozirda esa hududda klasterga tegishli qudratli texnika va mexanizmlar kuchidan unumli foydalanilayotganini ko‘rish mumkin. Mutasaddilar bildirishicha, ayni paytda Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidan “Elanchik” supere lita navi sinovdan o‘tkazilayotgan bo‘lib, cho‘l sharoitida gektaridan 60 sentnerga yetkazib hosil olish tajribasi o‘zlashtirilmoqda.

Xuddi shu kabi tizimli chora-tadbirlarni ayni kunda “Buxorodonmahsulotlari” aksionerlik jamiyati faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Korxona tomonidan bugunga kelib Buxoro, Vobkent, Shofirkon, G‘ijduvon kabi tumanlarda faoliyat yuritayotgan mingdan ortiq fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 25 ming 900 gektar maydonda yetishtirilayotgan g‘alla hosiliga yaqindan ko‘maklashilmoqda. Har 1 ming gektar g‘alla konturiga bir mutaxassis-agronom biriktirilgan bo‘lib, zarur agrotexnik tadbirni o‘z vaqtida va sifatli ado etishga e’tibor qaratilmoqda. Qolaversa, ta’minotchi sub’ektga qarashli o‘nlab texnika shu kecha-kunduzda joylarda fermer xo‘jaliklariga mineral va mahalliy o‘g‘it tashishda qo‘l-qanot bo‘lmoqda.
G‘alla maydonlarida talab etilayotgan agrotexnik tadbirlar, maysalarni suspenziyalash, “sharbat”lab sug‘orish kabi ishlarda qator ilg‘or fermer xo‘jaliklari peshqadamlik qilmoqda.
Viloyatda qishloq xo‘jaligining mazkur muhim agrotexnik tadbiri davom etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA