Mirishkorda yangi sanoat korxonasi ish boshladi
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichi boshqa hududlarga nisbatan pastroq. Ammo hududda paxta xomashyosi yirik miqdorda yetishtiriladi va uni qayta ishlash uchun yetarlicha salohiyat mavjud.
bugungi kunda Davlatimiz rahbari tomonidan to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar natijasida joylarda yirik ishlab chiqarish korxonalari ishga tushmoqda.
Keyingi yillarda tumanning asosiy drayverlaridan biri bo‘lgan to‘qimachilik sanoatida bir qancha yutuqlarga erishildi. Xususan, yaqin-yaqingacha tumanda yetishtiriladigan paxta xom-ashyosi qayta ishlanmas edi. Faqatgina tolaga aylantirilgan holda eksportga yo‘naltirilardi.
Tumanning Mirishkor MFY hududidagi 2,5 gektar yer maydonida “Mirishkor textile group cluster” MCHJ tomonidan “Samo” brendi ostida tadbirkorning o‘z mablag‘i hisobidan umumiy qiymati 24 milliard so‘m bo‘lgan matodan trikotaj ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
Mazkur loyihaning ishga tushirilishi natijasida 300 kishi ishli bo‘ldi. 2 million AQSH dollari qiymatidagi tikuv-trikotaj mahsulotlari Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston hamda Xitoy davlatlariga eksport qilinadi. Aytish joizki, korxona yiliga 6 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega.
[gallery-9868]
Endilikda tumanda yetishtirilgan paxta xom-ashyosini qayta ishlab, olingan toladan tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Bu tuman byudjetiga yaxshigina qo‘shimcha mablag‘ olib kirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.