Minskda «O‘zbekiston madaniyati kunlari» o‘tkazilmoqda
Bu yil O‘zbekiston va Belarus Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan ikki davlat hamkorligida turli rasmiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan Belarus Respublikasi poytaxti — Minsk shahrida «O‘zbekiston madaniyati kunlari» va «O‘zbekiston turizmi kunlari» tadbirlari o‘tkazilayapti.

Bugun Belarus davlat filarmoniyasi konsert zalida «O‘zbekiston madaniyati kunlari» tadbirining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Belarus Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Valeriy Gromada va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri maslahatchisi Shavkat Ortiqov so‘zga chiqib, davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik, ishonchli do‘stlik hamda diplomatik aloqalar rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
– Belarus va o‘zbek xalqi munosabatlari 30 yillik bilan chegaralanmaydi, – dedi Belarus Respublikasi Madaniyat vazirining o‘rinbosari Valeriy Gromada. – Do‘stona aloqalar uzoq yillik o‘tmishga borib taqaladi. Urf-odat va an’analarimiz bir-biridan farq qilishi mumkin, buni tan olish kerak. Ammo maqsadlarimiz mushtarak. Muhimi O‘zbekiston turli sohalarda bizning ishonchli do‘stimiz sanaladi va bu hamkorlik yangidan-yangi yo‘nalishlarda yanada mustahkamlanib borishiga ishonaman.

– O‘zbekiston va Belarus munosabatlari, ayniqsa, oxirgi yillarda do‘stlik va sheriklik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanib bormoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri maslahatchisi Sh.Ortiqov. – Bunda davlat rahbarlarining o‘zaro uchrashuvlari, muntazam muloqoti muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zaro munosabatlarimizni bevosita madaniy-gumanitar aloqalar rivojida ham ko‘rish mumkin.
Oxirgi yillarda Belarus ijodkorlari «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali va boshqa madaniy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Shu bilan birga, Belarusda «O‘zbekiston madaniyati kunlari» an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinyapti.
Do‘stona munosabatlarimizda, albatta, turizm sohasi ham muhim ahamiyatga ega. Bu borada har ikki mamlakatda noyob imkoniyat va salohiyat bor. O‘zbekistonda sayyohlik sohasini jadal rivojlantirish, xorijiy mehmonlarga barcha qulayliklarni yaratish uchun katta e’tibor qaratilmoqda. Asosiysi, bu boradagi imkoniyatlar mana shunday uchrashuvlar, do‘stona muloqotlar muhitida yanada kengayadi.

Tadbirda ko‘plab diplomatik korpus vakillari, o‘zbekistonlik taniqli san’atkorlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ushbu madaniy tadbirdan maqsad O‘zbekiston san’ati va madaniyatini belaruslik mahalliy aholiga namoyish etish hamda o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat. Mazkur tadbirlar doirasida Belarusdagi bir qator shaharlarda o‘zbekistonlik san’at ustalari ishtirokida konsert dasturlari namoyish etiladi.
O‘zA