Mingtepa yodgorligi yurtimizning ko‘hna tarixidan so‘zlaydi
Andijon viloyati Marhamat tumanida faoliyat olib borayotgan “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi tomonidan yurtimizning qadim tarixini o‘zida saqlab kelayotgan Mingtepa arxeologiya yodgorligi va tumandagi 70 dan ortiq boshqa madaniy meros ob’ektlarining tarixiy va bugungi kundagi ahamiyati, ularni asrab-avaylash, shu bilan birga, turizmni rivojlantirish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
“Mingtepa” arxeologiya yodgorligi tarixiy manbaalar hamda arxeolog-olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, qadimda yuksak darajada taraqqiy etgan, qariyb 2500 yillik tarixga ega qadimgi Dovon (aksariyat manbaalarda Davan deb keltiriladi) nomi bilan mashhur davlatining poytaxti Ershi shahrining xarobalari deb taxmin qilinadi.
Hozirda Mingtepa yodgorligi xarobasi ichki va tashqi shahar qismlaridan iborat bo‘lib, ichki qism 41,2 gektar, tashqi shahar qismi esa 320 gektardan ortiq maydonni egallagan.
Manbalarda yozilishicha, “Mingtepa” qadimda, milodning V asrlarida Farg‘ona vodiysi hududida aholi zich yashagan Dovon davlatining markazi, ya’ni bosh shahri bo‘lgan. Uning tarixi haqidagi ilk ma’lumotlar Xitoy manbalarida uchraydi. “Buyuk ipak yo‘li”da joylashgan bu shahar rivojlangan hunarmandchiligi, dexqonchiligi hamda “samoviy tulporlari” bilan mashhur bo‘lgan.
bugungi kunda “Mingtepa – madaniy meros” jamoat fondi tomonidan Mingtepa arxeologiya yodgorligini asrab-avaylash, uning tarixiy va turizmni rivojlantirish borasidagi ahamiyatini targ‘ib etish, shu bilan birga, aholi, xususan, yoshlar qalbida ona vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, o‘tmishimiz, bebaho tarixiy obidalarimiz bilan g‘ururlanish, milliy va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
[gallery-10264]
–Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yildagi Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida “Mingtepa arxeologiya yodgorligini obodonlashtirish, uning bazasida turizmni tashkil etish va rivojlantirish” loyihasi taqdimotini o‘tkazganmiz, – deydi “Mingtepa–madaniy meros” jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi Shahlo Husanova. – Loyihamiz Prezidentimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, uni samarali amalga oshirish bo‘yicha takliflar berilgan edi.
O‘tgan davr davomida fondimiz tomonidan “Mingtepa arxeologiya yodgorligi” kitob-albomi yaratildi. Shuningdek, “Mingtepa” nomli ilmiy-ommabop to‘plam, “Mingtepa ziyoratgohlari va qadamjolari” nomli risola chop etildi. Yopiq va ochiq osmon ostidagi “Mingtepa” muzeyiga aholi va yoshlar uchun uzliksiz bepul ekskurssiyalar tashkil etib kelinmoqda.
“Mingtepa – madaniy meros” fondi tomonidan 2018-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat, notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Mingtepa – turizm gavhari, yangi ish o‘rinlari manbai”, “Buyuk tariximizni o‘zida saqlab kelayotgan qadimiy Mingtepa yoshlarimizni vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, o‘tmishga hurmat, kelajakka ishonch ruhida tarbiyalashga qodir yodgorlik”, “Madaniy meros ob’ektlari insonlarga g‘urur beruvchi, tarixiy bilimlarini oshirishga, vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirishga, ular bazasida turizmni rivojlantirib, yuqori samara olishga xizmat qiluvchi muqaddas maskanlardir” mavzularidagi loyihalar amalga oshirildi.
Loyihalar doirasida qator ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy seminarlar, davra suhbatlari, tanlovlar o‘tkazildi, maktab o‘quvchilari uchun ekskursiyalari tashkil etildi. Sayyohlarga o‘zbek, rus, ingliz tillarida 3 ming donadan ziyod targ‘ibot buklet va targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Bundan tashqari, “Mingtepa ziyoratgohlari va qadamjolari” nomli risola asosida “7 avliyo ota ziyoratgohlari” deb nomlangan hujjatli film yaratildi. Fond rahbar Ortiqali Husanovning tumanda turizmni rivojlantirish borasidagi tashabbus va takliflari Xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasi muhokamasiga qo‘yildi. Tumandagi madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, turizmni rivojlantirish, shuningdek, yoshlarni “Marhamat tarixi, tarixiy joylari va yodgorliklari” bilan yaqindan tanishtirish maqsadida umumta’lim maktablarida haftada bir soat tarbiyaviy dars mashg‘uloti o‘tishni tashkil etish hamda to‘garaklar tuzish bo‘yicha Xalq deputatlari tuman kengashining alohida qarori chiqarildi.
Umumta’lim maktablarida tarbiyaviy dars mashg‘ulotlari o‘tkazishda foydalanish uchun “Marhamat tarixi” nomli qo‘llanma va “Marhamat tarixi xrestomatiyasi” yaratildi. Tashkil etilgan “Mingtepa” yopiq va ochiq osmon ostidagi muzeyiga nafaqat respublikamizning turli hududlaridan, balki xorijiy davlatlardan kelayotgan sayyohlar soni ko‘plab xorijlik soni tobora ortmoqda. Hozirga qadar muzeyga Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Hindiston, Koreya, AQSH, Yaponiya, Tayvan, Kanada kabi o‘nlab uzoq xorijiy davlatlardan sayyohlar tashrif buyurdi.
Fond mutaxassislari respublikamizning turli hududlari, qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston respublikalarida turizmni rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan forumlarda “Mingtepa” madaniy yodgorligi, Marhamat tumani va Andijon viloyati turizm salohiyati bo‘yicha taqdimotlar bilan ishtirok etdi.
Joriy yilda ham fond o‘z oldiga qator ishlarni amalga oshirishni reja qilib olgan. Jumladan, “Mingtepa tarixi” nomli o‘quv qo‘llanmani tayyorlash va chop ettirish, “Ko‘hna Dovon sirlari” deb nomlangan forum o‘tkazish, oktyabr oyida Mingtepa tarixi yoritilgan “Sariq ajdar hamlasi” romani muallifi Mannop Egamberdiyevning 95 yillik yubileyini o‘tkazish belgilangan.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA