Mineral o‘g‘it – mo‘l hosil garovi
Qishloq xo‘jaligini mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash hosildorlikni oshirishning muhim vositasi bo‘lib, iqtisodiy jihatdan eng samarali yo‘l ekani barchaga ma’lum. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, ekinlardan olinadigan hosilning qariyb yarmi mineral o‘g‘itlar hisobiga olinadi.
“O‘zkimyosanoat” AJ tomonidan Qashqadaryo viloyatida “Mineral o‘g‘it-mo‘l hosil garovi” mavzusida o‘tkazilgan amaliy seminarda ham ana shu jihatlarga e’tibor qaratildi.
Tadbirga viloyat va tuman hokimlarining qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq xo‘jaligi boshqarmalari rahbarlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda “O‘zkimyosanoat” AJ tarmoq korxonalari vakillari ishtirok etdi.
[gallery-21876]
Ta’kidlash lozimki, davlatimiz rahbarining 2025 yil 17 yanvardagi “Paxta xomashyosini yetishtirish va sotishda bozor mexanizmlarini qo‘llashni izchil davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 14-bandida “O‘zkimyosanoat” AJ Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda har oyda kamida bir marta hududlarda “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan mineral o‘g‘itlarning sifati va xususiyatlari yuzasidan dehqon, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari ishtirokida tahlillar o‘tkazish, ularning fikrlarini o‘rganish hamda maqbul takliflarni amaliyotga tatbiq etish tizimini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan.
Seminar ishtirokchilariga “O‘zkimyosanoat” AJ tizim korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan mineral o‘g‘itlarning sifati va xususiyatlari, mineral o‘g‘itlarni birjada chegirma narxlarda sotish mexanizmi, hududlarda faoliyat olib borayotgan korxonalarning ijara (vakolatli) omborlari xususida batafsil ma’lumotlar berib o‘tildi.
Shuningdek, mineral o‘g‘itlarni sotib olishda yaratilgan qulay sharoitlar, xususan birjada alohida “Forvard” kontraktlarda oldindan 30 foiz to‘lov, qolgan 70 foiz qismiga faktoring xizmatidan foydalangan holda xarid qilish mexanizmlari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Amaliy muloqot tarzida o‘tgan tadbirda mutasaddilar fermerlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berdi.
“SHARQROS UNIVERSAL SERVIS” MCHJ vakolatli omborida esa seminarning asosiy qismi hisoblangan mineral o‘g‘itlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mavjud mineral o‘g‘itlar namoyish qilinib, viloyat agrokimyoviy tuproq tahlili markazi mobil laboratoriyasida o‘g‘itlarni tekshiruvdan o‘tkazish, sifat darajasini aniqlab berish jarayoni amaliy ko‘rsatildi.
– Tuproq va mineral o‘g‘itlarni agrokimyoviy tahlildan o‘tkazgan holda agrotexnik hamda profilaktik tadbirlarni amalga oshirish juda muhim, – deydi viloyat agrokimyoviy tahlil markazi direktor o‘rinbosari Sunnat Hasanov. – Fermer xo‘jaliklari va dehqon tomorqa yer egalari mineral o‘g‘itlarni tahlil qilingan xulosalari bilan birga, o‘g‘itlardan foydalanish qoidalari haqida ham tushunchaga ega bo‘ladi. Tuproq ortiqcha va kerak bo‘lmagan mineral o‘g‘itlardan saqlanadi. Bu yer egasiga har tomonlama foydali bo‘lishi barobarida hosilni mo‘l va sifatli qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari