Milliy va xalqaro akkreditatsiya — ta’lim sifati va universitetlar kelajagining kafolati
Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti hamda Termiz davlat universiteti hamkorligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda oliy ta’lim muassasalarini milliy va xalqaro akkreditatsiya jarayonlariga tayyorlash, ta’lim sifatini oshirish hamda zamonaviy talablar asosida faoliyat yuritish masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalari oldida turgan ustuvor vazifalar, sohadagi yangi qonunchilik hujjatlarining ijrosi, ta’lim natijasiga yo‘naltirilgan yondashuvni joriy etish, shuningdek, xalqaro standartlarga moslashish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Milliy va xalqaro akkreditatsiyaga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalarda akkreditatsiya jarayonlariga rasmiy tekshiruv sifatida emas, balki universitetlarning ichki rivojlanishini ta’minlovchi samarali mexanizm sifatida yondashish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda, shuningdek, akkreditatsiya jarayonlariga tayyorgarlikda kafedralar, professor-o‘qituvchilar va ta’lim sifatini nazorat qiluvchi tuzilmalarning o‘zaro hamkorligi hal qiluvchi ahamiyatga egaligi alohida urg‘ulandi.
Yig‘ilish doirasida Janubiy Koreyaning Sejong universiteti professori O.Jo‘rayev tomonidan oliy ta’limda sun’iy intellekt va zamonaviy yondashuvlar mavzusida ma’ruza qilindi.
Unda ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish, talabalar bilim va kompetensiyalarini aniq natijalar asosida baholash, shuningdek, xalqaro akkreditatsiya talablariga mos ta’lim modellari haqida so‘z yuritildi. Mazkur tajribani mahalliy ta’lim tizimiga moslashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, Termiz davlat universiteti Ta’lim sifati nazorati bo‘limi tomonidan milliy akkreditatsiya tizimi, uning asosiy talablari hamda amaliyotda uchraydigan muammolar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi. Ta’lim sifatini baholashda hujjatlardan ko‘ra real natija, dars jarayoni va talabalar fikri muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Kengaytirilgan yig‘ilishda qayd etilishicha, milliy va xalqaro akkreditatsiya jarayonlari oliy ta’lim muassasalari uchun majburiyat emas, balki sifatli ta’limni ta’minlash, raqobatbardosh bitiruvchilarni tayyorlash va jamiyat ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish orqali universitetlarning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga ishonch bildirildi.
O‘zA