Milliy tilimizning ichki boyish manbaiga bugun qanday munosabatdamiz?
Har bir millat yoki xalqning rasmiy darajadagi davlat tili maqomiga ega tilidan tashqari, oʻziga xos asriy anʼanalarini davom ettirib kelayotgan, madaniy merosga aylangan shevalari ham bor.
Har bir millat yoki xalqning rasmiy darajadagi davlat tili maqomiga ega tilidan tashqari, oʻziga xos asriy anʼanalarini davom ettirib kelayotgan, madaniy merosga aylangan shevalari ham bor.
Shevalar xalqning, aholining maʼlum bir hudud doirasidagi chegaralangan soʻzlashuv uslubi boʻlibgina qolmay, kishilarning asrlar osha nutqiy madaniyatini shakllantirgan omildir. Binobarin, hozirgi oʻzbek tili adabiy til va mahalliy xalq shevalari hisobiga boyib boradi.
Adabiyotlarda ilmiy jihatdan xalq shevalariga “Faqat muayyan bir hududga xos ayrim belgilarni oʻzida namoyon qilgan til shakli - mahalliy shevalar hisoblanadi. Shevaning faqat ogʻzaki shakli mavjud”, deya taʼrif beriladi. Shevalarda yangicha soʻzlarning kirib kelishi boʻlmasa-da, ular adabiy til mazmunining boyishiga xizmat qiladi. Har bir hudud doirasidagi sheva bir-biridan tubdan farq qiladi. Shuning uchun ham oʻzbek tilida soʻzlashuvchi kishilarning nutqida hududiy tafovutlar koʻzga tashlanadi.
Masalan, Toshkent shevasida ketvomman (ketyapman), etvorin (aytib yuboring), bohor (bahor), oka (aka), ada (dada), kelovuza (kelyapmiz), opa (ona), doda (bobo) kabi soʻzlar muntazam qoʻllaniladi. Ushbu sheva vodiy shevasiga yaqin deya taʼkidlansa-da, ularning soʻzlashuv uslubidagi ayrim soʻzlar bir-biridan keskin farq qiladi. Ahamiyatlisi, Andijon, Fargʻona va Namangan hududlaridagi aholi oʻrtasida ham shevada umuman boshqa-boshqa soʻzdan foydalanish holatlari mavjud. Buni Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi misolida ham uchratamiz.
Samarqand, Buxoro shevalarida esa soʻzlar koʻproq choʻzish ohangida talaffuz qilinadi,ketopman (ketyapman), nana (ona), chakka (qatiq), bibi (buvi), aytopti (aytyapti) kabi.
Oʻzbek tilida shunday bir sheva borki, unda soʻzlovchilarning talaffuzini tushunish anchayin mushkul, ammo soʻz ohangi haqiqatan kishini sehrlaydi. Xorazm shevasining mayin va ohangga boy tovush tembri shubhasiz, har bir insonni oʻziga rom etadi, garchand tushunish qiyinligiga qaramasdan. Galing (keling), opo (ona), apka (opa), uchak (tom), taka (yostiq), gashir (sabzi) kabi aynan Xorazm shevasiga xos soʻzlarning maʼnosini bilmasdan turib haqiqatan talaffuz qilish mushkul.
Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari shevalari esa biz yuqorida tilga olgan shevalardan tubdan farq qiladi. Mazkur hududlar lahjalari biroz dagʻal va qoʻpolroq ohangga egaligi bilan ajralib turadi. Xususan, joʻl (yoʻl), ul (oʻgʻil bola), tov (togʻ), ena (ona), chigʻing (chiqing), bachcha (bola), buva (bobo) singari soʻzlar fikrimizning tasdigʻidir.
Yana bir ahamiyatli jihati, shevalarni bir-biriga oʻxshashligi, ular oʻrtasidagi tafovutlar haqida fikr yurita turib, bir narsani sezdim. Buni qarangki, shevalar har bir hudud aholisining xarakteri va ichki dunyosini ifodalar ekan. Masalan, Toshkent va vodiy aholisi oʻz shevasiga monand muloyim, vazmin xarakterga ega.
Xorazm shevasidan bu yerlik aholining xarakteridagi koʻtarinkilikni va biroz yuqori kayfiyatni sezamiz. Samarqand, Buxoro viloyatlarining shevasi esa shu yerlik aholining choʻrtkesarlik xarakterini ifodalagandek goʻyo. Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari aholisining shevasidan voha ahlining biroz sodda va dalli-gʻulli ekanliklarini payqash qiyin emas. Aslida bu ham faqat oʻzbeklarga xos til va xarakter uygʻunligidir. Dunyo ruhshunos olimlari insonlarning qator xususiyatlariga qarab, ularning xarakter va qaysi temperamentga mansub ekanliklarini aytib berishadi. Buni qarangki, oʻzbek xalqining shevalariga qarab, oʻsha hudud aholisining xarakter iqlimiga baho berish mumkin boʻladi.
Shevalar adabiy tilning boyib borishiga xizmat qilar ekan, uning mazmun jihatdan kengayishiga ham hissa qoʻshishi shubhasiz. Negaki, shevalar zamirida xalqning soʻzlashuv madaniyati shakllanadi, ularning nutqiy ifodalar birligi kengayib boradi. Shu jihatdan olib qaraydigan boʻlsak, xalq shevalari kishilarga nutq xazinasi hamdir. Bu xazinaning mazmun jihatdan qanchalik boyishi, uning millat manfaati, aholi soʻzlashuvining sermaʼnoligini taʼminlaydi. Inchunin, boshqa millat vakillarining bu tilga boʻlgan qiziqishini kuchaytiradi.
Bugungi dunyo lingvistikasida kirib kelgan “Til ekologiyasi” (“The Esology of Language”) atamasining ommalashishiga ham sabab aynan soʻzlarning hudud jihatdan oʻzaro munosabatlarini oʻrganish hamda ularning yoʻq boʻlib ketish xavfini kamaytirishni nazarda tutadi. Qisqacha qilib aytganda esa mazkur atama soʻzlarning bioxilma-xilligini saqlab qolish bilan kurashadi. Dunyo tilshunos olimlarining bu boradagi fikrlari maʼlum maʼnoda oʻzbek tilshunosligi bilan uygʻunlashadi. Yuqorida ham taʼkidlab oʻtganimizdek, til mahalliy shevalar hisobiga boyib boradi va bu tilning ichki boyish manbai sanaladi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi, biz milliy tilimizning ichki boyish manbaiga bugun qanday munosabatdamiz?
Yoʻlda yurgan odamning koʻp narsani kuzatishi rost gap. Transportda har kuni ishga qatnayman. Hamma oʻz yumushi bilan. Birov chiqadi, yana birov tushadi. Shunda aksariyat yoʻlovchilarning “Falonchi shega toʻxtating”, “Bagʻdan ketmaysizmi?” degan gaplarini koʻp marta eshitaman. Toʻgʻri, bizning shevaga xos soʻzlardan foydalanishimiz nutqimizga xos xususiyat. Lekin, shevada soʻzlar ekanman deb oʻzbek adabiy tilining mazmundorligini buzishimiz madaniyatdan emas nazarimda.
Shega, bega emas shu yerda, bu yerda yoki bagʻdan, shagʻdan emas bu tarafdan, shu tarafdan kabi soʻzlardan soʻzlashuvda foydalanishimiz ayni muddao. Ming afsuski, yuqoridagi kabi soʻzlarni davom ettirishimiz mumkin: aqa-baqa, ashi, oka. Chunki bu kabi talaffuzda tumtoqqa aylangan soʻzlar amalda maʼnoviy jihatdan oʻz kuchini yoʻqotib bormoqda (katta ehtimol bilan butkul yoʻqotib ham boʻlgan deyish mumkin).
Insonning madaniy saviyasi uning nafaqat oʻzini tutishi, yurish-turishi bilan, balki samimiy shirinkalomi va chiroyli soʻzlay olishi bilan baholanadi. Shuning uchun ham toʻliq, dona-dona va ravon soʻzlaydigan kishilarga hamma havas koʻzi bilan qaraydi. Binobarin, bunday xususiyatga ega insonda shak-shubhasiz tilga hurmat va eʼtibor shakllangan. Oʻzini, oʻzligini hurmat qilgan inson esa bu masalada ancha ehtiyotkordir. Biz turkiy til nazmida baralla qalam tebratgan, uning mazmunan bor latofatini dunyoga ovoza qilgan ajdodlar avlodimiz. Shunday ekan, millat koʻzgusiga aylangan ona tilimizni asrab-avaylaylik.
Feruza AHMEDOVA, jurnalist