Milliy tildagi ta’limga yangi sharoit
O‘zbekistonda inson qadri, uning millati va tilidan qat’i nazar, munosib ta’lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar hayotning o‘zida o‘z ifodasini topmoqda. Jizzax viloyatining Baxmal tumanida foydalanishga topshirilgan 39-sonli umumta’lim maktabining yangi o‘quv binosi ham ana shunday ezgu siyosatning amaliy natijalaridan biridir.
Ayniqsa, mazkur ta’lim muassasasida tahsil olayotgan o‘quvchilarning asosiy qismini qirg‘iz millatiga mansub yoshlar tashkil etishi masalaning ahamiyatini yanada oshiradi. Bu yerda darslarning qirg‘iz tilida olib borilayotgani bolalarga bilimni o‘z ona tilida puxta egallash, milliy qadriyatlarini asrash va shu bilan birga zamonaviy ta’lim imkoniyatlaridan samarali foydalanish imkonini beradi.
Yangi bino esa bu jarayon uchun yanada qulay muhit yaratmoqda. Zero, ta’lim sifati faqat darslik yoki o‘qituvchi mahorati bilan emas, balki o‘quvchining erkin va munosib sharoitda bilim olishi bilan ham chambarchas bog‘liq.


Millatlararo totuvlikni mustahkamlash, turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati va an’analarini asrab-avaylashga sharoit yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-noyabrdagi “Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ta’lim, madaniy-ma’rifiy muhit va milliy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.


Baxmaldagi yangi o‘quv binosi ham shu ezgu maqsadlarning mahalliy miqyosdagi yorqin ko‘rinishidir. Bu yerda bunyod etilgan har bir sinf xonasi, yaratilgan har bir qulaylik ortida bir haqiqat mujassam: bolaga berilgan imkoniyat — yurtning ertangi kuniga kiritilgan eng ishonchli sarmoyadir.

Bugun maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan o‘g‘il-qizlar ertaga turli sohalarda mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shadi. Ularning qaysi tilda ta’lim olishi esa bu yo‘ldagi imkoniyatlarni cheklamaydi, aksincha, ona tiliga bo‘lgan hurmat, milliy o‘zlik va zamonaviy bilimni bir nuqtada uyg‘unlashtiradi.
Shu ma’noda, Baxmaldagi yangi maktab binosi shunchaki navbatdagi ijtimoiy ob’ekt emas. U — ta’limga e’tibor, millatlararo totuvlik va har bir bolaning kelajagiga ishonchning amaliy ifodasidir.
Abdujalol Qayumov,O‘zA muxbiri