Milliy texnik qo‘mitalar xalqaro maydonda
Har bir mamlakatda mahsulot va xizmatlar sifatini ta’minlash, xavfsizlikni kafolatlash hamda bozorda raqobatbardoshlikni oshirish uchun standartlashtirish muhim o‘rin tutadi. Standartlashtirish jarayonida esa texnik qo‘mitalar asosiy rol o‘ynaydi.Ular soha mutaxassislari, ilmiy muassasalar, ishlab chiqaruvchilar va foydalanuvchilarni birlashtirgan holda milliy va xalqaro standartlarni ishlab chiqish hamda takomillashtirishda ishtirok etadi.
Mamlakatimizda ham texnik jihatdan tartibga solish tizimlari orasida tayanch yo‘nalishlardan biri sanalgan standartlashtirish sohasini rivojlantirish dolzarb ahamiyatga ega.
O‘zbekiston standartlar instituti direktor o‘rinbosari Umid Shojalilov tizimda amalga oshirilayotgan ishlar, texnik qo‘mitalar, ularning vazifalari va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan quyidagilarni gapirib berdi:
– Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita ma’lum bir sohadagi standartlarni ishlab chiqish, qayta ko‘rib chiqish va mukammallashtirish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar guruhidir, – deydi Umid Shojalilov. – Ular milliy standartlashtirish organi qoshida tuziladi va uning me’yoriy-huquqiy bazasiga muvofiq ishlaydi.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalarning asosiy vazifalari standartlashtirish tizimlarining faoliyatini va rivojlanishini ta’minlashda qatnashish, xalqaro standartlarni qo‘llash asosida uni xalqaro, davlatlararo tizimlar bilan uyg‘unlashtirish, standartlarni ishlab chiqish, qabul qilish, qayta ko‘rib chiqishda ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish yo‘li bilan shu jumladan, ularda an’anaviy texnologiyalarning oldinda boruvchi imkoniyatlarini, istiqbolga dastlabki talablarni belgilashni hisobga olgan holda ishlab chiqarilayotgan mahsulotning raqobatdoshligi oshirilishini ta’minlashda ishtirok etishdan iborat.
Bugungi kunda mamlakatimizda vazirlik, idoralar, uyushmalar va ishlab chiqarish korxonalari huzurida standartlashtirish bo‘yicha 34 ta milliy texnik qo‘mita faoliyat olib bormoqda. Mazkur texnik qo‘mitalarning faoliyatida jami 824 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda.
Bilamizki, ISO tashkiloting asosiy maqsadlari xalqaro miqyosda yaxlit, umumiy qabul qilingan standartlarni yaratish, savdoda, sanoatda va xizmat ko‘rsatish sohalarida sifat va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlar o‘rtasidagi texnik to‘siqlarni kamaytirish, innovatsiyalar va texnologik taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashdir.
Milliy texnik qo‘mitalarimizda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tomonidan mamlakatimiz manfaatini xalqaro darajada ilgari surish maqsadida milliy texnik qo‘mitalarning xalqaro tashkilotlarda ishtirokini yanada oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi.
Shu bois, amalga oshirilgan ishlar natijasida ISO tashkilotining texnik qo‘mitalari faoliyatida 43 nafar to‘laqonli a’zo, 251 nafar kuzatuvchi a’zo O‘zbekiston nomidan ishtirok etmoqda. Bugungi kunda ushbu mutaxassislar tomonidan 43 ta xalqaro standart loyihasi ko‘rib chiqilib, ovoz berildi.
O‘zbekiston Respublikasining “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasiga asosan bugungi kunda milliy standartlashtirish tizimida asos bo‘luvchi normativ hujjatlarni xalqaro normalarga moslashtirish, ya’ni hujjatlarni chuqur tahlil qilish va natijada bugungi kun talabiga mos kelmaydigan, ma’nan eskirgan normalarni chiqarib tashlash zaruri mavjud. Shuningdek, asos bo‘luvchi standartlarni xalqaro normalar bilan boyitish orqali standartlarni yangidan qabul qilish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Xulosa o‘rnida shuni qayd etish lozimki, O‘zbekistonda standartlashtirish sohasida texnik qo‘mitalar faoliyati iqtisodiy islohotlar, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va aholi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan muhim mexanizmlardan biri bo‘lishi zarur. Har bir sohadagi mutaxassislar, tadqiqotchilar va ishlab chiqaruvchilar mazkur texnik qo‘mitalarda faol ishtirok etib, standartlashtirish jarayonini amaliy ravishda rivojlantirishda hissa qo‘shishlari lozim. Shuningdek, milliy texnik qo‘mitalar xalqaro maydonda faol qatnashishi va xalqaro standartlarni mamlakat sharoitiga moslashtirishi strategik ahamiyatga egadir.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA