Milliy saylov qonunchiligi zamonaviy tendensiyalari
O‘zbekistonda 2019 yil bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijalari qanday bo‘lgan edi? Markaziy saylov komissiyasi va BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda aynan shu mavzu onlayn muhokama qilindi.
Tadbirda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilashga qaratilgan fikr-mulohazalar bildirildi.
Zoom platformasida tashkil etilgan tadbirda Adliya vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakillari hamda saylov bo‘yicha BMT TDning siyosiy partiyalarni moliyalashtirish, NNT va OAV sohasidagi maslahatchilari, hududiy saylov komissiyalari kotiblari, jurnalistlar ishtirok etdi.
MSK raisi M.Abdusalomov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A.Saidov 2019 yilning 22 dekabr kuni O‘zbekiston parlamenti va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlar avvalgilaridan tubdan farq qilganini ta’kidladi.
Xalqaro kuzatuvchilar o‘z xulosalarida ushbu saylovlar xalqaro standartlar va O‘zbekiston saylov qonunchiligi asosida yuqori saviyada tashkil etilgani va o‘tkazilganini qayd etdi.

Markaziy saylov komissiyasi ilk bor saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasidagi o‘z faoliyatini tanqidiy nuqtai nazardan o‘rgangan holda tahliliy axborotini, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari bo‘yicha takliflarni keng jamoatchilikka e’lon qildi. O‘tkazilgan tahlillar asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” nomli risola ishlab chiqildi. Tadbir davomida risolaning taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirishga doir qator taklif va tavsiyalar bildirdi. BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska o‘z nutqida o‘tgan saylovlarning islohotlar va yangi Saylov kodeksiga asosan o‘tkazilgani xalqaro kuzatuvchilar missiya vakillari tomonidan alohida e’tirof etilib, ularning ko‘pchiligi saylov islohotlarini davom ettirish kerakligini qayd etganliklarini ta’kidladi.
BMT Taraqqiyot dasturining NNT sohasi bo‘yicha maslahatchisi Gevin Vayz 2019 yilda bo‘lgan saylovlar xalqaro standartlarga muvofiq o‘tgani, saylovda kuzatuvchilar soni ortgani, milliy kuzatuvchilar instituti rivojlanib borayotganini qayd etdi.
BMT TDning siyosiy partiyalarni moliyalashtirish sohasi bo‘yicha maslahatchisi Barbara Stounstrit siyosiy moliyalashtirish qoidalariga to‘xtaldi. Saylovlarga xususiy sektor mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba, saylovlarda mablag‘larning sarflanishi shaffofligi, saylov xarajatlari yuzasidan hisobdorlik va unga amal qilish ustidan nazoratni tashkil qilish bo‘yicha xalqaro standartlar haqida so‘z yuritdi.
Xalqaro ekspertlardan Ivan Gadarskiy o‘z ma’ruzasida saylovlarda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng sharoitlar yaratish - erkin vaqt va maydon ajratilishining muhim roli haqida fikr bildirdi. 2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovini yoritishda OAV vakillarining ishtiroki va so‘z erkinligi borasidagi harakatlari oldingi saylovlardan keskin farq qilganiga ijobiy baho berib o‘tdi.
Nogironligi bo‘lgan saylovchilarga keng imkoniyatlar yaratilgani, xususan, ovoz berish binolariga to‘siqsiz kirib borish uchun sharoitlar, maxsus kabinalar, Brayl alifbosida saylov byulletenlari, televideniyada surdo tarjimalar yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Saylovlar yangi fikrlar va yangi qiyofalarni kashf etgani, saylovchilarning siyosiy huquqlari amalga oshirilishi orqali O‘zbekistonda yangi siyosiy muhit yuzaga kelgani qayd etildi.
Ommaviy axborot vositalarining saylovlardagi rolini oshirish maqsadida OAV va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozimligi, saylovlarda OAVning ishtiroki haqida saylov komissiyasi a’zolari va jurnalistlarga saylov qonunchiligi bo‘yicha tizimli o‘quvlar tashkil etilishi saylovlarni adolatli, shaffof va qonunchilikda belgilanganidek demokratik tarzda o‘tkazilishiga yordam berishi haqida qimmatli fikrlar bildirildi.
Tadbir qatnashchilari saylov komissiyalarini tuzishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki kengaygani, saylovlarda fuqarolik jamiyati o‘rni yuksalib borayotgani, NNT ishtirokini yanada rivojlantirish zarurligi haqida ham fikr bildirdilar.
Ushbu takliflar kelgusida zamonaviy tendensiyalarni inobatga olgan holda milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada demokratlashtirish, saylov tizimini xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muattar Burhonova, O‘zA