Milliy raqs istiqbollariga bagʻishlandi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 30-avgust kuni Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining rekonstruksiya qilingan yangi binosini borib koʻrish asnosida bu yerdagi sharoit, muhit va yutuqlarni mamlakatimizning boshqa joylarida ham tatbiq qilish, hududiy maktablar tashkil etib, ularni Oliy maktabga biriktirish, ustoz-shogird anʼanasini mustahkamlash zarurligini taʼkidlagan edi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 30-avgust kuni Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabining rekonstruksiya qilingan yangi binosini borib koʻrish asnosida bu yerdagi sharoit, muhit va yutuqlarni mamlakatimizning boshqa joylarida ham tatbiq qilish, hududiy maktablar tashkil etib, ularni Oliy maktabga biriktirish, ustoz-shogird anʼanasini mustahkamlash zarurligini taʼkidlagan edi.
Shu vazifalardan kelib chiqib bugun Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda madaniyat va sanʼat sohasi mutasaddilari, mazkur bilim dargohi pedagogik jamoasi, isteʼdodli yoshlar ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev mamlakatimizda milliy raqs sanʼatini yanada rivojlantirish, oʻziga xos xususiyatlari, jahon madaniyatida tutgan oʻrnini ilmiy jihatdan chuqur oʻrganish va tahlil etish hamda uning yangidan-yangi milliy namunalarini yaratish, raqs sanʼati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
Maʼlumki, ushbu muassasa uzoq yillar eski binoda faoliyat yuritib kelgandi. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 3-fevraldagi tegishli qaroriga asosan Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi uchun alohida bino ajratilib, rekonstruksiya qilindi. Ushbu ishlarga salmoqli miqdorda mablagʻ sarflandi.
Mustaqilligimizning 28 yillik bayramiga oʻziga xos tuhfa boʻlgan oliy bilim dargohidagi katta balet zali, 2 maʼruzalar, 16 xoreografiya va balet zallari, 7 musiqa, 8 auditoriya, 2 kompyuter texnologiyasi xonasi, axborot-resurs markazi, kutubxonada talabalarning taʼlim olishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Bundan tashqari, 300 oʻrinli yotoqxona, 100 oʻrinli oshxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Uchrashuv davomida oʻzbek raqs sanʼatining tarixiy anʼana va usullarini tiklash, asrash hamda boyitish, millatimizning oʻziga xos sharqona fazilatlari, boy maʼnaviyatiga monand raqslarni targʻib etish uchun qulay sharoit yaratish, raqs yoʻnalishlari boʻyicha uzoq muddatli, maqsadli dasturlar tayyorlash, malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni bartaraf etish hamda oliy maʼlumotli raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh etish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan bir qatorda Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi faoliyati yoʻnalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, oʻquv-pedagogik va ilmiy-ijodiy ishlarni tashkil qilish borasida kompleks chora-tadbirlar belgilandi.
Bugun ushbu oliy maktab tarkibida ixtisoslashgan maktab-internat, xoreografiya kolleji faoliyat koʻrsatadi. Oliy maktab bitiruvchilariga bakalavr va magistr darajasidagi mutaxassislik diplomi beriladi. Xoreografiya jamoalari rahbari, xoreograf-pedagog, xoreograf-sanʼatshunos boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi.
Bugungi kunda mazkur bilim maskanini bitirgan mutaxassislar mamlakatimizdagi ijodiy birlashmalar, konsert tashkilotlari, teatr jamoalari, professional ansambllar, bolalar musiqa va sanʼat maktablarida samarali mehnat qilmoqda.
Oliy maktab bilan xorijiy mamlakatlar oʻrtasidagi maʼrifiy-ijodiy aloqalar tobora kengayib, bugungi kunda AQSH, Germaniya, Fransiya, Italiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlarning xoreografiya markazlari bilan keng hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida bilim olayotgan yoshlar mamlakat va bir qator xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan xalqaro tanlovlar, festivallarda muvaffaqiyat qozonmoqda.
Muloqot davomida ushbu bilim maskani oldidagi masʼuliyatli vazifalar belgilandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.Abduhakimov soʻzga chiqdi.