Milliy musiqa xazinasini boyitgan san’atkor
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida O‘zbekiston xalq artisti, atoqli hofiz Fattohxon Mamadaliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, Fattohxon Mamadaliyev milliy musiqa san’atimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, ayniqsa maqom san’ati ravnaqi yo‘liga umrini baxshida etgan san’atkor edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, F.Mamadaliyev 1923 yil 25 avgustda Andijon viloyatining Eski Haqqulobod qishlog‘ida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Yoshligidan musiqa chalish, qo‘shiq aytishga ishtiyoqi baland bo‘lgan.

Fattohxon Mamadaliyev 1960 yil Andijon pedagogika institutini tugatgan. Ashula, katta ashula va maqom yo‘llarini Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqov, Umrzoq Polvon Saydali, usta Ro‘zimatxon Isaboyev, B.Fayziyev, shuningdek, Abdulla Taraz va Yunus Rajabiy kabi ustozlardan o‘rgangan.
O‘z davrida Fattohxon Mamadaliyev Andijon viloyatining Xo‘jaobod va Izboskan tumanlarida madaniyat saroylari qoshida maqomchilar ansamblini tashkil qilgan edi.

U 1944—1960 yillarda Andijon viloyatining turli teatrlarida sozanda-xonanda, 1960— 1967 yillarda Andijon pedagogika institutida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritgan.
Fattohxon Mamadaliyev 1968 yili turli o‘quv yurtlaridan, tashkilotlardan iqtidorli yigit-qizlarni topib, Andijon shahridagi 2-madaniyat uyi qoshida "Maqomchilar" ansamblini tashkil qildi va unga badiiy rahbarlik qildi.
O‘zbekistonda 1972 yili havaskor sozanda, xonanda va raqqosalar uchun "Marhabo, talantlar" respublika teletanlovi bo‘lib o‘tgan. Ushbu tanlovda Mukarrama Turg‘unboyeva, Halima Nosirova, Saodat Qobulova kabi nomdor san’atkorlar hakamlik qilgan. Fattohxon Mamadaliyev boshchiligida ijro qilingan "Qashqarchai mo‘g‘ulchai dugoh", "Soqinomai mo‘g‘ulchai dugoh" eng oliy – 10 ball bilan baholangan edi.
Fattohxon Mamadaliyev 1983 yildan o‘zbek davlat filarmoniyasi xonandasi, 1984 yildan Toshkent konservatoriyasi o‘qituvchisi va 1992 yildan professor bo‘lgan edi.

Fattohxon Mamadaliyev Vosit Sa’dullaning "Ey tong yeli", Hayitboy Azimiyning "So‘rmasa ko‘ngul", Haydar Yahyoyev qalamiga mansub "Dehqonlarim" kabi qo‘shiqlarni ijro qilgan.
San’atshunoslarning fikricha, hofizning ovozi tiniq, shirali va dardli, ovoz ko‘lami va nafasi keng, ijrosiga kuy bilan she’r uzviyligi, ovoz va cholg‘u imkoniyatlarini mohirlik bilan namoyon etilishi xosdir. Uning repertuaridan Farg‘ona – Toshkent maqom yo‘llari, Shashmaqom sho‘’balari, ashula, katta ashula, yalla, o‘zbek mumtoz ashula va cholg‘u turkumlari, bastakorlar asarlari o‘rin olgan edi.
O‘zbek mumtoz va zamonaviy shoirlari g‘azallari asosida 50 dan ortiq ashulalar yaratgan. Shuningdek, shoira Nodiraning "Oqibat", "Sog‘indim", Muqimiyning "Kim desun", Furqatning "Adashganman" singari g‘azallari Fattohxon Mamadaliyev tomonidan yuksak mahorat bilan ijro qilingan.
Fattohxon Mamadaliyev so‘nggi davrdagi turkum asarlarida o‘zbek musiqa merosining muayyan namunalarini nozik jilolar bilan sayqallashtirdi.
Ustoz san’atkor 5 qismli "Savti Fattohxon" ashula turkumini bastalagan "Qadimgi Ushshoq", "Umrzoq Polvon Ushshoqi", "Zikri Ushshog‘i" maqom yo‘llarini tiklagan.
–Fattohxon Mamadaliyev bilan 15 yil birga ishlaganimdan juda faxrlanaman, – dedi musiqashunos olim Ravshan Yunusov. – Sababi, bastakor aslida kim, hofiz kim, cholg‘u yo‘lini bekamu ko‘st, mukammal bilar edilar.
Darhaqiqat, Fattohxon Mamadaliyev betakror ijrosi, dardli, mungli ovozi, katta musiqiy merosi bilan san’at xazinasini boyitgan edi.
Xotira kechasida atoqli san’atkor hayoti, ijod maktabi, faoliyati yodga olindi.
Mumtoz musiqa namunalaridan iborat badiiy dastur namoyish etildi.
N.Usmonova,
O‘zA