Milliy musiqa san’atimizning xazinaboni
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida ustoz ijodkor, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni sohibi Yunus Rajabiy tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
«Akademik Yunus Rajabiy merosi va zamonaviylik» mavzusidagi ushbu konferensiya Madaniyat vazirligi, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda AQSH, Isroil, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlardan ekspertlar, olimlar, musiqashunoslar ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalq artisti, Yunus Rajabiy nomidagi uy-muzey direktori Hasan Rajabiy, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi direktori, professor Soyibjon Begmatov va boshqalar mamlakatimizda milliy maqom san’atini rivojlantirish, uning ravnaqiga umrini bag‘ishlagan ustozlar merosini ommalashtirish, xotirasini e’zozlash doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.

– Maqom san’atiga mehr-muhabbat ustoz Yunus Rajabiyning fidokorligi, bu ta’limotga qo‘shgan hissalari sabablidir, – dedi hozirda AQSHda istiqomat etayotgan O‘zbekiston xalq artisti Izro Malakov. – Yunus Rajabiy merosi shunday meroski, dunyo hanuz undan bahra olmoqda, tadqiqotlar qilmoqda.
– Yunus Rajabiy bilimining chuqurligi barchamizni hayratga soladi, – dedi tojikistonlik san’atshunos olim Asliddin Nizomov. – Xorijiy musiqachilar hanuz Yunus Rajabiy ijodini o‘rganishni o‘ziga sharaf biladilar. Ustoz Rajabiyning merosi bugun jahon musiqasining bebaho merosiga aylandi. Uning samimiyati, yuqori professionalligi, kasbiga muhabbati tahsinga loyiq.
– Yunus Rajabiyning ulug‘ligi – uning maqsad sari sa’y-harakati bilan afsonaga aylanganida namoyon bo‘ladi, – dedi yurtimizning musiqashunos olimi Oqilxon Ibrohimov. – Yunus Rajabiy hofiz, bastakor, olim, tadqiqotchi sifatida g‘oyat serqirra ijodkor edilar. Uning Hazrat Alisher Navoiyga munosabati alohida ajralib turadi. Navoiy ijodini o‘zbek musiqasidan ayro tasavvur etib bo‘lmaydi. Navoiyning o‘zi musiqa sohasida yuksak iste’dod egasi edi. Uning asarlari maqom bilan hamohangdir. Maqom jonli jarayon. «Shashmaqom» esa tabiiy san’at. U Yunus Rajabiy tadqiqotlari bilan bevosita bog‘liqdir. Ustoz milliy musiqa boyligimizning haqiqiy xazinabonidir. Uning ijodi har davr avlodlarining ma’naviy kamoloti uchun juda muhimdir.
– Yunus Rajabiy merosi haqiqiy bag‘rikenglikning namunasidir, – dedi AQSHda istiqomat etuvchi musiqashunos-jurnalist Rafael Nektalov. – Prezident tashabbusi asosida Shahrisabzda Maqom muzeyi tashkil etildi. Festivallar yuksak saviyada o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonning barcha hududlaridan namunaviy maqom ansambllari tashkil etilmoqda. Bugun AQSH, Kanada, Germaniya kabi davlatlarda ham bu san’atga qiziqish katta. Uni jahon bo‘ylab targ‘ib etish muhimdir. Darhaqiqat, Yunus Rajabiyning, ayniqsa, o‘zbek musiqa merosini to‘plashdagi xizmatlari katta. Manbalarga ko‘ra, ustoz 1935 yildan xalq, kuy va ashulalarini notaga yoza boshlagan. Natijada «O‘zbek xalq qo‘shiqlari» to‘plamidan Yunus Rajabiy notaga olgan 29 ta xalq musiqa namunasi o‘rin olgan. 1955-1959 yillarda Yunus Rajabiy 5 jildli «O‘zbek xalq musiqasi» (I.A.Akbarov tahririda) to‘plamini nashr ettirdi. Unga mingga yaqin turli janrdagi o‘zbek (bir qancha tojik, uyg‘ur) kuy va ashulalari, Buxoro Shashmaqomi, Farg‘ona- Toshkent maqom yo‘llari, katta ashulalar, 20-asr bastakorlari (Hamza, K.Jabborov, N.Hasanov, S.Kalonov, F.Sodiqov, T. Jalilov, M.Mirzayev va boshqa)ning asarlari kiritilgan.

Manbalarga ko‘ra, «Maqom» ansambli bilan ishlash jarayonida Yunus Rajabiy Shashmaqomning 6 jildli yangi nashrini (1966-1974, F.Karomatov tahririda) hamda grammplastinka yozuvlar mukammal to‘plamini tayyorladi. Milliy musiqa san’atimizning ko‘plab darg‘alari ustoz Yunus Rajabiyning shogirdlaridir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yunus Rajabiy merosini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ustoz nomi bilan yuritiluvchi Maqom ansamblining dovrug‘i chet ellarga ham yoyilgan. Ustoz nomi bilan O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti tashkil etilib, samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbek milliy maqom markazi, Marg‘ilon shahridagi Maqom teatri, maqomga ixtisoslashtirilgan musiqa dargohlari yurtimizda ustoz san’atkor ijodini o‘rganishga bo‘lgan e’tiborning amaliy ifodasidir.
Konferensiyada «Maqom» ilmiy-uslubiy jurnalining ilk soni hamda musiqashunos olim Ravshan Yunusovning «Sharq xalqlari maqomlari» o‘quv taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Konferensiya o‘z ishini sho‘balarga bo‘lingan holda davom ettirdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA