Milliy monitoring o‘tkaziladi
Unda bir necha yildan buyon paxta yig‘im-terimi mavsumida o‘tkazib kelinayotgan Milliy monitoringning ahamiyati yuqori bo‘layotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida 2019 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilarga qulay sharoit yaratilishini nazorat qilish, bolalar va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring o‘tkazishga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda bir necha yildan buyon paxta yig‘im-terimi mavsumida o‘tkazib kelinayotgan Milliy monitoringning ahamiyati yuqori bo‘layotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev monitoring jarayonlari xususida atroflicha ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, o‘tkaziladigan ushbu tadbirlar joriy yilning 25 sentabridan 31 oktabrigacha davom etadi. Bu yilgi Milliy monitoring Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Shuningdek, bu jarayonlarda AQSh, Yevropa davlatlari va bir qator xalqaro kasaba uyushmalari markazlari vakillarining ishtirok etishi ham kutilmoqda.
– Milliy monitoring o‘tkazishdan maqsad paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun yaratilgan sharoitlarni baholash, – dedi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining bo‘lim mudiri Mahmudjon Isaev. – Bu jarayonda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, talabalar, budjet tashkilotlari xodimlari mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi yuzasidan jamoatchilik nazorati amalga oshiriladi. Aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘riladi. Buning uchun O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzilib, ularga barcha zaruriy tashkiliy-texnik ko‘mak ko‘rsatib boriladi.
Xususan, har bir hududda bittadan doimiy yengil avtomashina, zamonaviy kompyuter bilan jihozlangan xona ajratiladi. O‘rganish jarayonida paxta terayotgan voyaga yetmagan shaxslar aniqlansa, ularni zudlik bilan daladan olib chiqish va o‘quv dargohiga yoki uyiga qaytarish choralari ko‘riladi. Bu haqda dalolatnoma tuzilib, aybdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish uchun mehnat inspeksiyasiga yuboriladi.
Brifingda mutaxassislar xodimlarning mehnat huquqlari buzilishining oldini olishga qaratilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilishicha, korxona, tashkilot va muassasalar xodimlaridan hech kimni mehnat shartnomasini bekor qilish yoki intizomiy jazo berish tahdidi ostida paxta yig‘im-terimiga jalb etish mumkin emas. Hech bir korxona, tashkilot, muassasa rahbari xodimlarni paxta yig‘im-terimiga yuborish to‘g‘risida buyruq chiqarmaydi. Mehnatkashlar, tadbirkorlar, dehqon bozorlarida savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchilar, mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolardan paxta yig‘im-terimi uchun pul mablag‘lari yig‘ish taqiqlanadi. Terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun to‘lanadigan terim pullari har besh kunda, terimchilar xohishiga ko‘ra, zarurat tug‘ilganda har kuni to‘lanishi lozim.
Budjet tashkilotlari xodimlarini, o‘quvchi va talabalarni, umuman, fuqarolarni paxta yig‘im-terimi ishlariga majburan jalb qilish yoki bunday ishlarni boshqalar bajargani uchun pul yig‘ish holatlari ro‘y berganda huquqni muhofaza qilish organlariga yoki kasaba uyushmalarining 10-92 raqamli “ishonch telefoni“ga xabar berilishi mumkin. Shuningdek, majburiy mehnat qaltisliklarini keltirib chiqaruvchi boshqa alomatlar, ya’ni fuqaroning zaifligini suiiste’mol qilish, aldov, hujjatlarni olib qo‘yish, ish haqini to‘lamaslik, xavfli mehnat sharoitlarida ishlatish, ish vaqti me’yorlariga rioya qilmaslik kabi holatlarda qonuniy choralar ko‘riladi.