Milliy media sohasining dolzarb masalalari muhokama etildi
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan “O‘zbekistonda jurnalistika sohasini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan sohaning dolzarb masalalarini o‘rganish va jurnalistikani rivojlantirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish maqsadida mart-may oylari davomida respublikamizning 14 ta hududida 50 ga yaqin tadbirlar o‘tkazildi. Ularda 1000 ga yaqin jurnalistlar, media-ekspertlar va soha vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida mamlakatimizda jurnalistika va ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish, kasbiy etika tamoyillarini mustahkamlash hamda sohaga oid istiqbolli rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekiston jurnalistlarining Axloq-odob kodeksi loyihasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Etika komissiyasining faoliyat yo‘nalishlari va vazifalari, 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan jurnalistika sohasini rivojlantirish strategiyasi loyihasi yuzasidan fikr almashildi.
Davra suhbatida bildirilgan taklif va mulohazalar jurnalistika sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim hujjatlarni takomillashtirish, jurnalistlarning kasbiy mas’uliyati va media etikasi tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Mazkur davra suhbati milliy jurnalistikamizning oldida turgan dolzarb masalalarni batafsil va atroflicha tahlil etish, ularga yechim topish, sohada o‘ziga xos maktab yaratgan ustoz jurnalistlarning o‘zaro fikr va tajriba almashishida alohida ahamiyat kasb etdi.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri